Aliment to‘lamagan otalar 15 sutkaga qamaldi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Termiz tumani sudida aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lamagan uch nafar otaga Majburiy ijro byurosi Termiz tumani bo‘limi davlat ijrochilari rasmiylashtirgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma ko‘rib chiqildi.
Ochiq sud majlisida B. G‘aniyev 2018 yil 22 fevraldagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan aliment to‘lashligi belgilab qo‘yilgan bo‘lsada, bir farzandining moddiy ta’minoti uchun 17 million 934 ming so‘m aliment qarzdorligini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgani ma’lum bo‘ldi. Shu tumanda yashovchi A. Asadov ham sudda sodir etgan huquqbuzarligiga iqrorlik bildirib, 2 nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun 17 million 261 ming so‘m aliment qarzdorligini to‘lamaganini tan oldi.
– Aliment qarzdorligini to‘lashdan bosh tortgan otalarga qonun doirasida chora ko‘rildi, – deydi MIB Termiz tumani bo‘limi davlat ijrochisi Nurali Mahmudov. – Ularga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Ushbu jazodan tegishli xulosa chiqarmay ikki oy va undan ortiq muddat davomida farzandlari oldidagi aliment qarzdorligini to‘lashdan bo‘yin tovlasa, jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi.
Ochiq sud majlisida javobgarlikka tortilgan otalarga aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lashning voyaga yetmagan bola kamolotidagi ahamiyati va qarzdorlik yuzaga kelganda qonunchilikda belgilangan choralar haqida tushuntirish berildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri