Aliment puli bank kartasiga tushirib berilmoqda
Joriy yil boshida majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi organlari ish yurituvchida aliment to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq 34 ming 500 dan ortiq ijro hujjati mavjud edi.
Bu – ijro hujjatlarining 28,3 foizini, ya’ni qariyb uchdan bir qismini tashkil etardi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu toifadagi ijro hujjatlari yuzasidan amalga oshirilgan majburiy ijro tadbirlari natijasida aliment to‘lovchi qarzdorlardan 59,5 milliard so‘mdan ortiq aliment pullari undirildi. Shuningdek, olib borilgan profilaktik suhbatlar tufayli 3782 yosh oila yarashtirilib, oilalar tiklanishiga erishildi.
– Qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligi tamoyillariga tayangan holda, aliment to‘lovlarini to‘lashdan muntazam ravishda bo‘yin tovlab kelgan jami 521 nafar qarzdor ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47(4)-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka, 77 nafari esa jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortildi, – deydi MIB Samarqand viloyat boshqarmasi katta inspektori Firdavs Sharopov.
– Bu sohadagi muammolarni hal qilish maqsadida 2021 yil mart oyidan boshlab voyaga yetmaganlarning aliment pullarini hisoblash va to‘lash ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali alimentlarni yetkazishdagi pochta xarajatlari tejalmoqda, ya’ni undiruvchi aliment pulini hech qanday ushlanmalarsiz to‘liq olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Eng muhimi, alimentlarni oyma-oy, so‘zsiz to‘lab borilishini onlayn nazorat qilish imkoni yaratildi.
Joriy yilda byuroning viloyat boshqarmasi tuman va shahar bo‘limlari ish yurituvidagi aliment undiruvi bilan bog‘liq 31 mingdan ortiq ijro hujjati bo‘yicha aliment oluvchilar nomiga bank kartasi ochish uchun 29 ming 879 ta elektron ariza taqdim qilinib, 23 ming nafarga yaqin aliment oluvchilar nomiga hisob raqamlar ochilib, bank kartalari chiqarildi.
G‘.Hasanov, O‘zA