“Aleksey Shusev. 150. Usto me’mor” ko‘rgazmasi ochildi
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida buyuk me’mor Aleksey Shusev tavalludining 150 yilligi munosabati bilan “Aleksey Shusev. 150. Usto me’mor” ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
Rossiyaning A.Shusev nomidagi davlat ilmiy-tadqiqot arxitektura muzeyi, Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligi ko‘magidagi “Tavolga” fan va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi, “Elisavetinsk-Sergey ma’rifat jamiyati”, Mehribonlik va xayriya an’analarini tiklashga ko‘maklashuv jamg‘armasi hamda O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazma XIX asrning oxiri XX asrning birinchi yarmida o‘zining yorqin me’morchilik uslubi va yo‘nalishi bilan dunyoga tanilgan buyuk me’mor va rassom Aleksey Shusev ijodiga bag‘ishlandi.
Ko‘rgazmada me’morning yarim asrlik ijodiy faoliyati davomida yaratilgan 50 ga yaqin me’morchilik loyihalari namoyish etilmoqda. Galereyaning ikkita zalidan joy olgan ko‘rgazmaning birinchi bo‘limida rassomning butun ijodiy yo‘li aks etgan. Ikkinchi bo‘limdan sobiq ittifoq respublikalari, jumladan, mamlakatimizdagi ishlariga oid asarlar joy olgan.
[gallery-14734]
– Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri binosi – me’morning eng yirik ishlaridan biri, – deydi O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi direktori, san’atshunos fanlari doktori, professor Kamola Akilova. – Bu asar ko‘rgazmada ikkinchi bo‘limning “Bosh qahramoni” sifatida joy oldi. Mazkur bino avval boshdanoq Toshkent brendlaridan biriga aylangan. Sharq va G‘arb an’analarini o‘zida mujassam etgan mahobatli inshoot betakrorligi bilan hanuz dunyo ahlini hayratda qoldirib kelmoqda. Undagi Toshkent, Buxoro, Xorazm, Samarqand, Farg‘ona va Termiz zallari o‘z uslubi va xususiyatiga ega. Bu shunchaki teatr emas, balki o‘zida bir necha san’at turlarini mujassam etgan muzey-teatridir.
Ko‘rgazmada A.Shusev nomidagi Rossiya davlat me’morchilik muzeyi fondi, shaxsiy kolleksiyalar, 16 ta davlat muzeyi va arxiv to‘plamlari, xususiy kolleksiyalar va me’mor merosxo‘rlari arxividan tashkil topgan 350 ga yaqin eksponat tomoshabinlar e’tiboriga havola etilmoqda. Eksponatlar ichida – Aleksey Shusevning loyihaviy arxitektura grafikasi, chizmalari va rasmlari, hujjatlar, arxiv fotosuratlari, kinoxronika – asosiy va unchalik mashhur bo‘lmagan loyihalariga materiallar ham mavjud bo‘lib, ularning bir qismi ommaga ilk bor namoyish qilinmoqda.
Ko‘rgazma 2024 yilning 22 yanvariga qadar davom etadi.
Nilufar Bozorova,
Oybek Pardayev (surati) O‘zA