Aleksandra Yasakova: “Men o‘zbekistonlikman”
Rus millatiga mansub Aleksandra Yasakova taqdir taqozosi bilan Orenburgdan O‘zbekistonga ko‘chib kelganida 4 yoshda bo‘lgan.
– 96 yil umrim shu zaminda o‘tdi, – deydi Buxoro shahridagi A.Somiy ko‘chasi 9-xonada yashovchi, bugun o‘zining 100 yoshini qarshi olayotgan onaxon Aleksandra Yasakova. – Men o‘zbekistonlikman. Bolaligim urush yillariga to‘g‘ri kelgan. O‘zbekistonga ko‘chib kelgan vaqtimizni unchalik yaxshi eslolmayman. Biroq ota-onamning hikoyalaridan bilamanki, o‘zbeklar bizni quchoq ochib kutib olgan. Oilamiz uy joy bilan ta’minlangan. Bu yerda och qolgan yoki xo‘rlangan paytlarimizni eslolmayman.

2017 yilda yakkayu yolg‘iz o‘g‘li vafot etgach onaxon yolg‘iz qolib ketdi. Ammo qo‘ni-qo‘shnilar, mahalla kuy o‘zining sevimli baba Shurasini aslo yolg‘izlatib qo‘ygani yo‘q.
– Uyim hamisha qo‘shnilar bilan gavjum, – deydi Aleksandra Yasakova. –Bugun ko‘zdan qolgan bo‘lsam ham hamma menga birdek g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi. Men o‘zimni aslo yolg‘iz his qilmayman.

Bugun Aleksandra Alekseyevnaning 100 yoshni qarshi olgan tug‘ilgan kunida viloyat hokimi o‘rinbosari Erkin Majidov boshchiligida O‘zbekiston Musulmonlar idorasi viloyat vakilligi, viloyatda faoliyat olib borayotgan noislomiy tashkilot, milliy madaniy markaz vakillari, qo‘shnilar, mahalla hamda «Mahalla» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati bo‘limi xodimlari onaxonni qutlash uchun keldi. Unga kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan 15 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va kerakli vositalar berildi. Shuningdek, xonadonini ta’mirlash uchun mas’ullar belgilandi.
Yurtimizda turli millat vakillaridan iborat kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar, yakka yolg‘iz keksa avlod vakillari, faxriylarga onaxonga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik yorqin misol bo‘la oladi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA