Albaniya Prezidenti O‘zbekistonga keldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay rafiqasi hamrohligida rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Oliy martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston va Albaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, “yashil” energetika va turizm kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari e’tibor markazida bo‘ladi. Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish ham ko‘rib chiqiladi.
Xalqaro kun tartibidagi masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama platformalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ham fikr almashish rejalashtirilgan.
Tashrif dasturi doirasida Albaniya Prezidenti V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.
Behruz XUDOYBERDIEV,
Sarvar O‘RMONOV (surat), O‘zA