AKTga mas’ullarga ustama to‘lanmagani aniqlandi
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish va rivojlantirishga mas’ul xodimlariga ustama to‘lash ahvoli monitoring qilish orqali o‘rganildi.
Boshqarma axborot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘rganishlarda xodimlarga oylik ustama haqi lozim darajada to‘lanmayotganligi aniqlandi.
Xususan, Kattaqo‘rg‘on tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish va rivojlantirishga mas’ul xodim E.I.ga 2022-yil 1-yanvardan 2023-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan davrda jami 58 million 808 ming 589 so‘m ustama pullari to‘lab berilmagan. Shu kabi holat ushbu tashkilotning boshqa xodimlari bilan ham takrorlangan. Xususan, M.Sh. 72 million 513 ming so‘m, N.K. esa 19 million 365 ming so‘m ustama pullarini ololmay kelgan.
Vaholanki amaldagi qonunchilikka binoan, 2018-yil 1-iyundan ushbu soha xodimlariga beriladigan oylik ustama miqdori davlat byudjetidan, davlat byudjetidan ajratilmagan bo‘lsa, mazkur tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan xodim lavozim maoshidan 100 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda berilishi, shuningdek, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan ixtisoslashtirilgan bo‘linmalarning shtatdagi xodimlariga ustamalar xodim lavozim maoshining kamida 100 foiz miqdorda belgilanishi zarur.
Ammo 2023-yil davomida olib borilgan monitoringlar natijasi viloyatdagi birgina tibbiyot birlashmalari, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarida ishlayotgan mazkur soha xodimlariga jami 576 million 785 ming so‘m ustama pullari to‘lanmaganini ko‘rsatdi. Jumladan, tuman tibbiyot birlashmalari tomonidan jami 26 million 516 ming so‘m, maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limlari tomonidan esa 442 million 341 ming so‘m ustama pullari ushlab qolingan. Bunday holat Payariq, Bulung‘ur tuman tibbiyot birlashmalarida, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon, Nurobod, Payariq, Bulung‘ur, Jomboy tuman hamda Samarqand shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarida kuzatildi.
Ushbu tashkilotlar rahbariyatiga viloyat adliya boshqarmasi tomonidan taqdimnomalar kiritilgan.
G‘. Hasanov, O‘zA muxbiri