bugungi kunda axborot kommunikatsiya texnologiyalarini jadal rivojlantirish, AKTdan foydalanish ko‘lamini kengaytirish, soha bilan mashg‘ul yoshlar kontingentini ko‘paytirish muhim ahamiyatga ega.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi aynan shu mezonlar asosida o‘z faoliyatini davom ettirib, bir qancha zarur vazifalarni belgilab oldi.
Raqamli iqtisodiyot izchil rivojlanishining birinchi va eng muhim omili zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yaratishdir. Bu bo‘yicha O‘zbekistonda bir qator yirik loyihalar amalga oshirildi. 2020 yilda optik tolali tarmoqlarning umumiy uzunligi 68,6 ming kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil birinchi chorakda esa 81,7 ming kilometrga yetkazildi. Joriy yil oxiriga qadar ushbu ko‘rsatkichni 118,6 ming kilometrgacha yetkazish rejalashtirilgan.
bugungi kunda 1 millionta internet tarmog‘iga keng polosali ulanish portlari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 3 millionga yetkazildi. 2021 yil oxiriga qadar portlarning soni 3,9 milliongacha oshiriladi. Mazkur loyiha bo‘yicha ishlarning asosiy qismi yakunlanganligi munosabati bilan 2021 yil 1 yanvardan transport kanallarini ijaraga berish xizmati joriy narxi 2 barobarga arzonlashtirildi.
2020 yilda respublika bo‘yicha 31,7 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yil birinchi chorakda 945 ta baza stansiyasi ishga tushirilib, hozir jami 32,68 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida mobil internet xizmatlari narxlarini yanada arzonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Qolaversa, 2019-2020 yillarda operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif mavjud texnik quvvatlarni keskin oshirish hisobiga 2021 yil yanvardan operator va provayderlarga xalqaro paketli kommutatsiya markazi (XPKM) orqali taqdim etiladigan 1 Megabit/s tezlikdagi kanal narxi 2 barobarga arzonlashtirildi va hozirgi kunda ushbu xizmat narxi 40 ming so‘m etib belgilangan. Bu, o‘z navbatida, operator va provayderlarning respublikamizning chekka hududlarida faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Joriy yil maydan ushbu xizmat narxi yana 30 foizga arzonlashtirilmoqda.
Mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni xalqaro portallar ham e’tirof etmoqda. Misol uchun, Britaniyaning Cable.co.uk portali dunyodagi mobil internet narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston 230 mamlakat orasida 21-o‘rinni egalladi. Bir yil davomida mamlakatimiz ko‘rsatkichlari 33 pog‘onaga ko‘tarildi. Ta’kidlab o‘tish joizki, 2020 fevral oyida ushbu saytda (https://www.cable.co.uk/) mobil internet narxi arzonligi bo‘yicha ro‘yxatda O‘zbekiston 54-o‘rinni egallagan edi.
Mamlakatimizda ijtimoiy soha ob’ektlarini yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash doirasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 9 ming 347 ta xalq ta’limi, 5 ming 625 ta maktabgacha ta’lim muassasasi va 3 ming 401 ta sog‘liqni saqlash ob’ektiga jami 18 ming 373 kilometr optik tolali aloqa liniyalari yetkazilib, yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati yaratilgan.
Bir million dasturchi – kelajak poydevori
Yurtimizda yoshlar va mas’ullar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishga xizmat qiluvchi “Yoshlar murojaati” elektron platformasini yaratish ustida ishlar olib borilyapti. Bu platforma yoshlarning ilm olishi, kasb-hunarli bo‘lishi, bir so‘z bilan aytganda, hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun xizmat qiladi. Mazkur yo‘nalishning mantiqiy davomida sifatida o‘sib kelayotgan navqiron avlodni AKT sohasiga yanada qiziqtirish, ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida joriy yilda yuzdan ziyod shahar va tumanda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari ochiladi.
Shu bilan birga, yoshlarning sohaga oid ilmiy izlanishlarini davom ettirishini ta’minlash, yanada kengaytirish maqsadida Toshkent viloyatida Axborot texnologiyalari universiteti filiali hamda barcha hududlarda texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan “Bir million dasturchi” loyihasini istiqbol sari tashlangan muhim strategik qadam, deb bemalol aytish mumkin. Loyiha doirasida 120 mingdan ziyod o‘quvchi ta’lim olib, ulardan 18 mingdan ortig‘i kurslarni muvaffaqiyatli tugatdi. Kelgusi ikki yilda bu ko‘rsatkichni 300 mingga yetkazish va ularni kompyuter texnologiyalari yo‘nalishida bepul o‘qitish, masofaviy ta’lim va darslarni onlayn o‘tkazish imkoniyatini yaratadigan “Onlayn, Raqamli, Xavfsiz ixtisoslashtirilgan maktab”, “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish” axborot tizimlari ishga tushiriladi. 2021 yildan boshlab xalqaro IT sertifikatlarini qo‘lga kiritgan yoshlarga xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini qoplab berish vazifalari belgilandi.
Yosh startapchilar uchun keng imkoniyatlar
IT-startaplariga ko‘mak berish va AKT sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahalliy oliy ta’lim muassasalari qoshida IT-Inkubatsiya markazlari tashkil etilmoqda. Hozirgi kunda shu kabi markazlar G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali, Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent shahridagi Inha, Amiti, Turin politexnika universitetlari, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Andijon mashinasozlik instituti, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash haqida gap ketar ekan, IT-parklar faoliyati xususida ham to‘xtalib o‘tish joiz. Zero, 2020 yilda mamlakatimizda ish boshlagan IT-parklar rezidentlari tomonidan jami 750dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi, dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmi 346,2 milliard so‘m, jumladan, eksport hajmi 8,4 million dollarni tashkil etdi. Shunday ekan, Toshkent shahrida IT-rark rezidentlari sonini ko‘paytirish va ularga yetarli imkoniyatlar yaratish muhim vazifalardandir. Shu maqsadda xorijdan jalb qilingan ekspert bilan hamkorlikda umumiy maydoni 408 ming kvadrat metrga teng hududda infratuzilma ob’ektlarini bunyod etish konsepsiyasi ishlab chiqilib, qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Uning hududiy filiallarini tashkil etish bo‘yicha joylardagi mahalliy hokimliklar bilan qo‘shma qarorlar imzolanib, har bir loyiha bo‘yicha bajariladigan vazifalar tarmoq jadvallari tasdiqlandi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Namangan viloyatlarida IT-park filiallari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Shu paytga qadar IT-parkning hududiy filiallari binolari Andijon (“Digital City” texnoparki), Farg‘ona (IT Park Marg‘ilon filiali), Sirdaryo (IT Park Guliston filiali), Qashqadaryo, Jizzax, Samarqand va Buxoro viloyatlarida foydalanishga topshirilgan edi. Andijon filialida 10 ta, Marg‘ilon filialida 7 ta rezident faoliyat yuritmoqda. Quvonarlisi, ularda 2020 yilning o‘zida 400dan ziyod korxona faoliyat boshlab, 900dan ortiq dasturiy ta’minot mahsulotlari ishlab chiqarildi.
2020 yil 6 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, o‘tgan yilda ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari tashkil etilib, jihozlandi, tizimdagi korxona va tashkilotlar ularga homiy sifatida biriktirildi va 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Shuningdek, qarorda 2021 yilda 82 ta, 2022 yilda 64 ta va 2023 yilda 45 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Bu kabi chora-tadbirlar sohada boshlangan islohotlar ko‘lamidan dalolat beradi.
AKT yo‘nalishidagi ta’lim jarayonlari
Yoshlarning AKT yo‘nalishiga qiziqishlarini inobatga olib, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 2020/2021 o‘quv yilida yangi Raqamli iqtisodiyot bakalavr ta’lim yo‘nalishi hamda 8 ta yangi magistratura mutaxassisligi ochildi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan mazkur oliygoh tuzilmasida O‘zbek-Belarus qo‘shma fakulteti tashkil etilib, 2020/2021 o‘quv yili uchun fakultetga 500 nafar talaba qabul qilindi. Umuman olganda, bugungi kunda TATU va uning filiallarida jami 15 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.
AKT sohasida to‘xtash va uzilish bo‘lmaydi. Bu boradagi uzluksizlikni ta’minlashda esa xorij tajribasini chuqur o‘rganish, eng ilg‘orlarini mahalliy kadrlar tayyorlash tizimiga tatbiq etish dolzarb hisoblanadi. Shu ma’noda 2019 yilda Toshkent shahrida faoliyat boshlagan Amiti universiteti muhim ahamiyatga ega. Unga xorijiy mamlakatlardan 17 nafar PhD darajasiga ega professor-o‘qituvchi jalb qilindi. O‘tgan o‘quv yilida 498 nafar talaba birinchi bosqichni yakunladi. 2020/2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari to‘liq onlayn shaklda tashkil etilib, mazkur oliy ta’lim muassasasiga 384 nafar talaba qabul qilindi.
Janubiy Koreyaning poytaxtimizdagi Inha universitetida ham jarayonlar qizg‘in. Ayni paytda ushbu dargohda 51 nafar professor-o‘qituvchi va assistent faoliyat yuritib kelyapti. Talabalarning umumiy soni 1506 nafarni tashkil etadi.
Ma’lumki, IT jabhasi uchun bo‘lajak mutaxassislarni tayyorlash jarayonlari qancha erta boshlansa, kelajak uchun yaratilayotgan poydevor shuncha mustahkam bo‘ladi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilgani sohada muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Ayni paytda u yerda O‘zbekistonning ilg‘or kadrlari ta’lim olyapti, imiji va potensiali shakllantirilmoqda. Joriy o‘quv yilida ularning safi yanada kengaydi. Ya’ni qabul kvotasi 330 nafar etib belgilandi va kirish imtihonlari respublikamizda birinchi marotaba onlayn shaklda ikki bosqichda o‘tkazildi.
Ayni chog‘da 5 ta muhim tashabbus doirasida aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari hamda internetdan samarali foydalanishni tashkil etish masalasi ham doimiy e’tiborda. Axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish maqsadida esa respublika bo‘yicha birgina 2020 yilda 107 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tashkil etildi. O‘tgan yilning o‘zida ularda tashkil etilgan o‘quv kurslarini 15 mingdan ortiq tinglovchi yakunladi.
Elektron hukumat
Aholiga qulaylik yaratish va davlat organlarining samaradorligini oshirish, Elektron hukumatni takomillashtirish raqamlashtirish jarayonlarining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Davlat organlari va aholi o‘rtasida interaktiv muloqotning samarali mexanizmi yaratilishi nafaqat fuqarolarning vaqt va mablag‘larini tejashga, shu bilan birga, davlat organlarining faoliyatini tubdan yaxshilashga zamin yaratadi, elektron hujjat aylanishi orqali ularning vaqt va xarajatlarini tejaydi, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlaydi.
Elektron hukumat tizimini rivojlantirishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali muhim o‘rin tutadi (my.gov.uz). 2020 yilda Yagona portal xizmatini rivojlantirish doirasida muhim ishlar amalga oshirildi. Jumladan, o‘tgan yili portal orqali 9,8 millionta ariza kelib tushgan. Yagona portalning foydalanuvchilari soni 185 mingga ko‘payib, 380 mingtaga yetdi. bugungi kunda Yagona portal orqali 218 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Joriy yil boshida yangi xizmat joriy etildi. Endi fuqarolar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali biometrik pasportni ID kartaga almashtirish uchun ariza topshirishi mumkin.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini takomillashtirish va foydalanuvchilarga yanada qulaylik yaratish bo‘yicha izchil ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining Android va OS platformada ishlaydigan mobil ilovasi yaratildi va ishga tushirildi. Dasturning funksional jihatlari kalit so‘zlar orqali qidiruvni amalga oshirish, yuborilgan arizani ko‘rib chiqish jarayonning monitoringini olib borish, davlat xizmatlari markazlarining geolokatsiyasini ko‘rishga imkon beradi.
Yagona portalning yana bir muhim afzalliklaridan biri, fuqarolar imtiyozli ravishda, 10 foiz chegirma bilan davlat xizmatlardan foydalanishlari mumkin.
So‘nggi yillarda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat tizimini takomillashtirish bo‘yicha muhim ishlar bajarildi. Ularning mantiqiy uzviyligini ta’minlash maqsadida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, ijrosi izchil ta’minlanyapti. Uchrayotgan kamchilik va muammolarni zudlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Bu borada kompleks chora-tadbirlar belgilab olindi. Jumladan, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga asosan kelgusi uch yilda hududlar va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha 2,6 trillion so‘mdan ortiq bo‘lgan 1 ming 627 ta loyiha amalga oshiriladi. Xususan, “Raqamli Toshkent” dasturi doirasida 30dan ortiq axborot tizimini yaratish va integratsiya qilish, “Yagona tez tibbiy yordam” axborot tizimini tatbiq etish, Toshkent shahridagi 88 ta ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikada “Elektron poliklinika” axborot tizimini joriy etish borasida ishlar amalga oshirilmoqda.
2021 yil uchun kompleks chora-tadbirlar
2021 yilda pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish maqsadida sohada olib borilayotgan tizimli islohotlar jadal davom ettiriladi. Soha korxonalari tomonidan 168,5 million dollarlik dasturiy mahsulotlar tayyorlanadi, eksport hajmi 20,0 million dollarga oshiriladi. Raqamli infratuzilmani rivojlantirish borasida qiymati 423,5 million dollarga teng investitsiyalar, shu jumladan, 127,5 million dollarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi.
Telekommunikatsiya tarmog‘ini kengaytirish maqsadida joriy yilda 50 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilib, ularning umumiy uzunligi 118,6 ming kilometrga yetkaziladi. Bunda olis qishloq aholi maskanlari va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlariga alohida e’tibor qaratilib, mavjud barcha ijtimoiy ob’ektlarni tezkor internet tarmog‘iga ulash ishlari yakuniga yetkaziladi.
Ikki mingta qo‘shimcha mobil aloqa baza stansiyasini o‘rnatish orqali ularning umumiy soni 33,7 mingtaga, aholi maskanlarida keng polosali mobil internet qamrovi darajasi 95 foizgacha oshiriladi.
“Elektron tijorat to‘g‘risida”, “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida” va “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ishlab chiqiladi.
2021 yil yakuniga qadar Nukus, Urganch, Namangan, Qarshi, Termiz va Toshkent shaharlarida ham IT-park filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Tibbiyot sohasini raqamlashtirish ko‘lamini yanada kengaytirish, shuningdek, barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni ko‘paytirish maqsadida 289 ta tibbiyot muassasasining IT-infratuzilmasini yaratish, kompyuter uskunalari bilan jihozlash orqali ularni to‘liq raqamlashtirish ishlari amalga oshiriladi hamda tibbiyot muassasalari o‘rtasida masofaviy tibbiy va ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha “Telemeditsina” tizimi joriy etiladi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida talabgorligi yuqori bo‘lgan 60 ta elektron davlat xizmatini joriy etish bo‘yicha ro‘yxat shakllantiriladi va yil yakuniga qadar joriy etilishi ta’minlanadi. Shu bilan bir qatorda, “E-qaror” elektron tizimi respublikaning barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida joriy etiladi hamda Ochiq ma’lumotlar portalining infratuzilmasi va dasturiy platformasi modernizatsiya qilinadi.
Har bir viloyatda tashkil etiladigan Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazlarini yuqori tezlikdagi internet tarmoqlariga ulash choralari ko‘riladi. Shuningdek, agrosanoat majmuida yagona integratsion platformani tashkil qilish bo‘yicha “Raqamli qishloq xo‘jaligi” axborot tizimi yaratiladi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Toshkent viloyati filiali tashkil etiladi. Hududlarda axborot texnologiyalari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Qolaversa, tumanlar hamda shaharlarda bosqichma-bosqich jami 82 ta umumta’lim maktabi negizida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Pochta aloqasi sohasida tub islohotlarni amalga oshirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida ularning imkoniyatlaridan keng foydalanish, shuningdek, Umumjahon pochta ittifoqining Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida mamlakatimizni birinchi 50 talikka kiritish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Muxtasar qilib aytganda, axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasida maqsadlar katta. Asosiysi, ularning ijrosini o‘z vaqtida sifatli ta’minlashdir. Binobarin, vazirlik bu borada bor imkoniyatlari va salohiyatini to‘liq ishga solgan holda soha rivoji uchun ulkan yutuqlarga erishishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Muhtarama Komilova, O‘zA