AKT: rivojlanish istiqbollari
Prezidentimiz Islom Karimov mamlakatimiz mustaqilligining yigirma to‘rt yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishdagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, bizning asosiy vazifamiz – amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyot va uning tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va buning hisobidan mamlakatimiz raqobatbardoshligini yanada oshirib, jahon bozorida munosib o‘rin egallashdir.
Prezidentimiz Islom Karimov mamlakatimiz mustaqilligining yigirma to‘rt yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishdagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, bizning asosiy vazifamiz – amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyot va uning tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va buning hisobidan mamlakatimiz raqobatbardoshligini yanada oshirib, jahon bozorida munosib o‘rin egallashdir.O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etgan «O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish istiqbollari» mavzusidagi konferensiyada shu xususda so‘z bordi.
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi S.Otamurodov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev va boshqalar milliy axborot-kommunikatsiya tizimini izchil, bosqichma-bosqich rivojlantirish uchun sharoit yaratilgani davlat va jamiyat boshqaruvi tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish imkonini berayotgani, natijada milliy axborot makonini rivojlantirish istiqbollari yuksalayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda AKT sohasini rivojlantirishga doir huquqiy baza yaratilgan. Jumladan, «Aloqa to‘g‘risida», «Axborotlashtirish to‘g‘risida», «Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida», «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi. Hozir «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida», «Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida» kabi qonun loyihalari ustida ish olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining axborot sohasini yanada isloh qilish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlashga qaratilgan g‘oyalari O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining dasturiy hujjatlarida o‘z ifodasini topmoqda. Partiya har doim milliy axborot-kommunikatsiya makonini shakllantirish va faol rivojlantirish, axborot sohasida milliy manfaatlarni himoya qilish va ilgari surishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Partiya va uning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi o‘z faoliyatida milliy axborot makonini rivojlantirish jarayonlarini qonunchilik asosida mustahkamlash, aholining axborotdan foydalanish imkoniyatini yuqori darajada ta’minlash, milliy axborot tizimlari va axborot resurslari, ayniqsa, internet tarmog‘i milliy segmentini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini bosqichma-bosqich rivojlantirish, davlat va jamiyat boshqaruvi yo‘nalishida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llashga qaratilgan faoliyatni tashkil etish uchun yanada qulay sharoit yaratish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.