Aksiyada ming tub daraxt ko‘chati ekildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bӯzatov tumanida “Yashil makon” umummilliy loyiha doirasida “1 million daraxt” aksiyasi o‘tkazildi.
Aksiya O‘zbekiston Respublikasi “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston ekologik partiyasi, “Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xalqaro Orolbo‘yi innovatsiya markazi hamkorligida tashkil etildi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasiga salmoqli hissa qo‘shish, shuningdek, 2019 yilda boshlangan xayrli ishlarni davom ettirish maqsadida ӯtkazilgan aksiyada vazirliklar, korxona, tashkilotlar vakillari, yoshlar va aholi faol ishtirok etdi. Aksiya doirasida ekish uchun Orolbo‘yi innovatsiya markazi tomonidan 1000 tup manzarali daraxt ko‘chati yetkazib berildi.
Ma’lumot uchun, “1 million daraxt” aksiyasi 2019 yilning 24 oktyabrida boshlangan. Mazkur tadbirning maqsadi, yurtimizdagi barcha aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirish va jamoatchilik e’tiborini hozirgi kundagi mintaqamizdagi ekologik muammolarga qaratishdan iborat. Aksiyaning keyingi bosqichi 2020 yilning 6 noyabr kuni Mo‘ynoq tumanida davom ettirilib, Orolbo‘yi innovatsiya markazining “Mo‘ynoq” ilmiy-ishlab chiqarish uchastkasida amalga oshirilayotgan “Oroldagi bog‘im” loyihasi maydonchasiga ko‘plab manzarali va mevali daraxt ko‘chati ekilgan edi.

Yurtimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan umummilliy loyiha va ko‘kalamzorlashtirish aksiyasi Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik muammolarning salbiy ta’sirlarini yumshatishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA