“Aksilkorrupsiya xakatoni – 2026”: ochiq ma’lumotlar asosida yaratilgan eng yaxshi yechimlar aniqlandi
Yosh dasturchilar uchun korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida innovatsion va amaliy ahamiyatga ega kreativ loyihalar tanlovi – “Aksilkorrupsiya xakatoni – 2026” yuqori ruhda yakunlandi.
Tanlovning final bosqichida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov korrupsiyaga qarshi kurashishda raqamli texnologiyalar va ochiq ma’lumotlarning ahamiyati tobora ortib borayotganini alohida ta’kidladi.

– Korrupsiyaga qarshi kurashishda nafaqat muammoni ko‘ra olish, balki unga aniq, texnologik va amaliy yechimlar taklif qilishning ahamiyati beqiyos, – dedi A.Burxonov. – Bu biz kutayotgan eng muhim natija. Ochiq ma’lumotlarga asoslangan yondashuvlar shaffoflikni ta’minlaydi, inson omilini keskin qisqartiradi va jamoatchilik nazoratini real kuchga aylantiradi. Endi biz uchun asosiy vazifa – ushbu g‘oyalarni real tizimlarga joriy etish va ularning kundalik hayotda samarali ishlashini ta’minlash.
Yakuniy bosqichda 45 jamoa tomonidan ochiq ma’lumotlar asosida ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar ekspertlar tomonidan har tomonlama baholandi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, “Feba” jamoasi davlat xaridlarida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid dasturiy yechim bilan 1-o‘rin, “Austrum” jamoasi davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan loyiha bilan 2-o‘rin, “Bright minds” jamoasi kompyuter o‘yini orqali bolalarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha innovatsion yondashuvi bilan 3-o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan g‘olib bo‘lgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni amaliyotga joriy etish va keng tatbiq qilishga har tomonlama ko‘maklashiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA