Aksar muammolarning ildizi bitta nuqtada birlashadi
Taʼlim hayotning barcha jabhasida farovonlik yaratish, yangi texnologiyalarni joriy etish, turmush sharoitlarini yaxshilashning muhim sharti ekani maʼlum.
Taʼlim hayotning barcha jabhasida farovonlik yaratish, yangi texnologiyalarni joriy etish, turmush sharoitlarini yaxshilashning muhim sharti ekani maʼlum.
Qoʻliga diplom olgan har bir talaba soat sayin oʻzgarib borayotgan mehnat bozorida oʻz oʻrnini topa oladimi? Oʻqigan oliygohida u taraqqiy etib borayotgan innovatsion iqtisodiyotda toʻlaqonli ishtirok eta oladigan, shu orqali nafaqat oʻz turmushi, balki jamiyat rivojiga hissa qoʻsha oladigan bilim va koʻnikmalarga ega boʻldimi? Oliy taʼlimning ijtimoiy masʼuliyati ham aynan mana shu savollarga javob topa olishdadir.
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori Alisher NAZAROV ayni savollar yuzasidan OʻzA muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi.
–... oʻqishni bitirdim, ish topa olmayapman.
... hamma shifokor har xil tashxis qoʻyadi. Qay biriga ishonishingni bilmaysan kishi.
... oʻgʻlim maktabni tugatib, oʻqishga kira olmadi. Shuncha pulga repetitorga qoʻyishga majbur boʻlyapman.
...qizim universitetda oʻqiydi. Har bir baho uchun “limit” belgilangan ekan. Shunga qayerdan pul topsam ekan?
Bunday holatlarni sanasak, oxirini topolmaymiz, – deydi Alisher Nazarov. – Aslida, jamiyatda muammolar talaygina. Lekin aksar muammolar ildizi odatda bitta nuqtada birlashadi: oliy taʼlim tizimidagi yillar osha yigʻilib, tosh qotib qolgan kamchiliklar ham shunday.
Nega aynan oliy taʼlim? Aslida, bogʻcha va maktablarda ham kamchiliklar yetarli-ku, degan savol tugʻilishi tabiiy. Javob ham yana oliy taʼlim tizimiga bogʻlanadi: maktab va litseylarda dars berayotgan kadrlarni ham oliy taʼlim tayyorlab beradi.
Bugun mehnat bozori ehtiyojlari oliy taʼlim tizimidan nimalarni talab etmoqda?
Rivojlangan mamlakatlar tajribasiga qaralsa, ularda oliy taʼlim tizimi, uni rivojlantirish – milliy strategiya ustuvorliklari bilan belgilanadi. Davlat jahon siyosiy xaritasidagi oʻz nufuzini oshirish uchun ham oliy taʼlim darajasini yaxshilash hamda taʼlim olish imkoniyatini kengaytirishga katta mablagʻ sarflaydi, eʼtibor qaratadi.
Zamonaviy axborotlashgan va innovatsion taraqqiy etayotgan dunyoga qoʻshilishga intilish mamlakatlardan zamonaviy va kun sayin oʻzgarayotgan mehnat bozori talablariga moslashishga qodir boʻlgan kadrlarni tarbiyalashni talab qiladi. Buning uchun esa oliy taʼlimni zamon talablariga xos rivojlantirish, universitetlarda sifatli va jahon standartlariga mos taʼlim berilishi, ragʻbatlantiruvchi raqobatni kuchaytirish zaruratga aylandi.
Oʻzbekistonda ham bozor iqtisodiyoti talablariga javob bera oladigan islohotlarning amalga oshirilishi sharoitida shunga munosib kadrlar tayyorlashga ham jiddiy eʼtibor qaratishni taqozo etmoqda. Nafaqat oliy taʼlim yoki kadrlar tayyorlashning boshqa shakllari, balki taʼlim shakli, maqsad va vazifalarini ham belgilab beradigan tizimni butunlay qayta koʻrib chiqish, yangilash va zamon talablariga moslash mamlakat kelajagi qiyofasini belgilaydigan asosiy shartga aylandi.
Shu talablar asosida mamlakatimizda tizimli ravishda barcha oʻquv muassasalarida dunyo standartlari asosida yangi sharoitlar yaratildi. Ayniqsa, oliy taʼlimda maʼlumotli mutaxassislar tayyorlashning maqsadi, bilim va koʻnikmalarga boʻlgan talablar oʻzgardi. Endilikda avval nazariyani oʻrganib, soʻng asta-sekin bilimini amaliyotga qoʻllaydigan kadrlar emas, balki oʻrgangan barcha yangi bilimlarida amalda tezkorlik bilan foydalanadigan, tanlagan sohadagi innovatsion imkoniyatlarni tushunib, tahlil qiladigan, yangiliklarni tez oʻzlashtiradigan, axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan erkin foydalana oladigan kadrlarga talab oshdi. Oliygohni bitirgan har bir kadr bugun mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishi uchun nafaqat kasbining sir-asrorlarini biladigan, joriy xoʻjalik va ishlab chiqarish masalalarini malakali hal qiladigan, balki ishni tashkil etishda toʻgʻri qaror qabul qila oladigan, yangi gʻoyalar beradigan, tugʻma qobiliyatga ega, yuqori darajali mutaxassis boʻlishi zarur.
Mamlakatimizda oliy taʼlim tizimini rivojlantirish, bitiruvchilarni oliy taʼlimga qamrab olinishini koʻpaytirish, yoshlarning kasb egallashini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Yil sayin turli islohotlar, yangi koʻlamdagi ishlar tashkil etilmoqda.
Biroq bugun oliy taʼlim tizimidagi imkoniyatlar bitiruvchilar ehtiyojlarini qondiryaptimi? Taʼlim muassasalaridagi oʻquv jarayoni bugungi kun talabiga javob beradimi?
Albatta, yoʻq. Toʻgʻri, oxirgi uch yilda bitiruvchilarni oliy taʼlim bilan qamrov darajasi sezilarli oshdi. Ammo amaldagi oʻquv jarayoni bugungi kun talabiga toʻla javob bermaydi.
Yoshlar jahon andozalari darajasida zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, jismonan va maʼnan yetuk insonlar boʻlib ulgʻayishi, ularning qobiliyat va isteʼdodini, intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, taʼlim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga alohida eʼtibor qaratilib, yosh avlod qalbida yurtga sadoqat va fidoyilik tuygʻularini yuksaltirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Lekin shunga qaramay, taʼlim, ayniqsa, oliy taʼlim tizimida qator muammo va kamchiliklar borki, bu tobora chigallashib borayotgan masalalarni paydo qilmoqda va uning taʼsiri bevosita jamiyat ravnaqi va mamlakat rivojiga toʻsiq boʻlmoqda.
Hozirgi kunda oliy oʻquv yurtlarining mustaqilligini taʼminlash va raqobatni rivojlantirish masalalari dolzarb hisoblanadi. Aksar rivojlangan mamlakatlarda taʼlim tizimida davlat aralashuvining qisqarishi nodavlat universitetlarning koʻpayishi va oliygohlar oʻrtasida sogʻlom raqobatning ortib borishiga va natijada uning sifati sezilarli yaxshilanishida asosiy omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Byudjet mablagʻlari cheklangan va oliy taʼlimga talab ortib borayotgan hozirgi sharoitda davlat taʼlim muassasalari bilan bir qatorda nodavlat taʼlim sektorining ham ish olib borishi raqobatning rivojlanishiga koʻmaklashadi.
Soʻnggi yillarda yurtimizda ham nodavlat taʼlim muassasalari ochilib, ular soni ortib bormoqda. Bu yoʻnalishga yana-da eʼtiborni oshirish va imkoniyat yaratib berish zarur. Buning uchun jahon tajribasini oʻrgangan holda sohaga huquqiy va iqtisodiy imkoniyatlarni yana-da kengaytirish, targʻibotni kuchaytirish, ragʻbatlantirish va, eng muhimi, barcha ishlarni bosqichma-bosqich reja asosida amalga oshirish talab etiladi.
Tizimni isloh etish bir qator qonun hujjatlari asosida tartibga solindi. Bu qonunlar bugungi taʼlim tizimining mustahkam tayanchi boʻlib xizmat qilmoqda. Ularda shu kungacha amalga oshirilgan ishlarning asosi, maqsadlari va kelgusidagi rejalar aks etgan.
Oʻtgan davr mobaynida iqtisodiyotning real sektori va ijtimoiy soha ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, hududlarda yangi, jumladan, yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari tashkil etildi. Talab yuqori boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlandi. Mazkur Konsepsiyada oliy taʼlimni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlari – zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, ilgʻor taʼlim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish borasida strategik vazifalar belgilab berildi.
Mazkur vazifalar mavjud muammolarni bartaraf etishga, sohani zamonaviy standartlar darajasida tashkillashtirishga qaratilgan. Jumladan, oliy taʼlimda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida 2030-yilgacha oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish koʻzda tutilgan.
Konsepsiya Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlimni rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yoʻnalishlari, vazifalari, oʻrta va uzoq muddatli istiqboldagi bosqichlarini belgilaydi, sohaga oid dasturlar va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Belgilangan ishlarning hayotga tatbiq etilishi, olib borilayotgan saʼy-harakatlar natijasida taʼlim tizimini isloh qilish jarayonida respublikamizda mustahkam huquqiy, tashkiliy, moddiy-texnik baza yaratildi. Bu esa intellektual salohiyati yuqori va barkamol yosh avlodni oʻqitish va tarbiyalashning mazmunini yangilashga koʻmaklashdi. Mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimi va barkamol avlodni tarbiyalash davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlari darajasiga koʻtarildi.
Ota-onalarning ham taʼlim borasidagi qarashlari oʻzgarib, farzandlari yoshligidan bilim olishiga jiddiy eʼtibor qaratishmoqda. Bu esa barcha bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olish ehtiyojini paydo qilayotir. Natijada MTMlar soni kun sayin oshib bormoqda. Aholining taʼlim borasidagi ehtiyoji ortishi, zamonaviy qarashlar nodavlat maktablar va oliy oʻquv yurtlari uchun ham zamin boʻlib xizmat qiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni xulosa qilish mumkinki, bugungi sharoitda jahon siyosiy xaritasida mamlakatlar raqobatbardoshligi, avvalo, uning taʼlim va fan darajasiga bogʻliq. Iqtisodiyot va jamiyat rivojlanishining zamonaviy holati kadrlarning kasbiy tayyorgarlik sifati darajasiga har qachongidan ham koʻproq talablar qoʻymoqda. Xodimning maʼlum bir ish faoliyatiga moslik darajasini baholash borasidagi talablar doimiy ravishda oʻzgarib va kuchayib bormoqda. Bunda uning nafaqat kasbiy bilimlari, malaka va koʻnikmalari, balki mantiqiy fikrlashi, tashabbuskorligi, uddaburonligi, guruhda ishlash va hamkorlik qilishga boʻlgan qobiliyati, maʼlumotliligi va boshqa sifatlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Taʼlim tizimi ham boshqa sohalar kabi birdaniga isloh etilib qolmay, balki shart-sharoit, imkoniyatlar va aholining talab hamda dunyoqarashini hisobga olgan holda asta-sekin oʻzgarib boradigan jarayondir. Mamlakatimizda ham yil sayin taʼlim tizimi zamon talablariga moslashmoqda va rivojlanmoqda. Nodavlat taʼlim muassasalari sonining oshib borishi ham jahon tajribasiga mos tarzda taʼlim sifati yaxshilayotganiga misoldir.
Rivojlangan davlatlar tajribasini taʼlim tizimiga yana-da kengroq qoʻllashga eʼtiborni kuchaytirish zarur. Bularning barchasi ulgʻayib borayotgan avlodni mehnat bozori ehtiyojlari, jahonning eng ilgʻor talablariga har tomonlama mos qilib tarbiyalashga xizmat qiladi.
OʻzA muxbiri
Barno MELIQULOVA yozib oldi.