Bugun Toshkentda «O‘zbekiston – Qirg‘iziston: strategik sheriklik sinergiyasi» mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki mamlakatning yetakchi tahlil markazlari va ilmiy-tadqiqot institutlari, vazirlik va idoralarining yetakchi vakillari ishtirok etdi. Unda moderator sifatida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov: “Ko‘p bosqichli siyosiy muloqot O‘zbekiston va Qirg‘iziston hamkorligini izchil rivojlantirishning asosidir”, – deya ta’kidladi.
Akramjon Ne’matovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari qisqa vaqt ichida siyosiy muloqot hamda ishonchni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli, konstruktiv va pragmatik ikki tomonlama aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.
O‘zaro ishonchning yuqori darajasi va umumiy manfaatlarni chuqur anglash — chegaralarni delimitatsiya qilish, suv muammolari, xalqaro transport loyihalari kabi avvallari boshi berk ko‘chaga kirib qolgandek tuyulgan nozik masalalarning o‘zaro maqbul yechimlarini topish imkonini berganini qayd etildi.
O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasini delimitatsiya qilish jarayoni yakunlangani, fuqarolarning o‘zaro qatnovi bir necha barobar ortib borayotgani, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib borayotgani, sanoat kooperatsiyasi loyihalari yo‘lga qo‘yilgani alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, SMTI vakiliga ko‘ra, “hozirda ikki davlatning mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan transport va energetika loyihalarini amalga oshirishdagi o‘zaro hamkorligi strategik ahamiyatga egadir”.
Shuningdek, uning fikricha, joriy yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan ikki tarixiy voqea — «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li va Qambarota GES-1 qurilish loyihalardagi hamkorlik Bitimlarining imzolanishi yuqoridagi fikrlarni tastiqlaydi.
“Mamlakatlarimizning o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillari asosida o‘zaro maqbul murosalarni topishga bo‘lgan qat’iy munosabati — barqaror rivojlanish va farovonlik uchun asos bo‘ladi”, — deya xulosa qildi SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov.
O‘zA