Qirg‘iziston parlamenti respublika birinchi rahbari Askar Akayevning sobiq prezident maqomi tiklanishi taklifini rad etdi. Bu haqda qonun chiqaruvchi assambleya matbuot xizmati jurnalistlarga ma’lum qilgan.
– Jogorku Kenesh ushbu qarorni qo‘llab-quvvatladi va vaqtincha deputatlik komissiyasini tuzish haqidagi arizani qanoatlantirishdan bosh tortdi, – degan mas’ul vakil.
Birinchi prezident sentyabr oyi boshida ayni masalada murojaat qilgandi. Agar so‘ralgan maqom tiklansa, u prezidentlik davridagi ishlari uchun javob bermasdi. Prezident maoshining 75 foizi miqdorida pul olish, davlat tomonidan umrbod qo‘riqlanish kabi imtiyozlarga ega bo‘lardi. Hozirgi yetakchi Sadir Japarov Akayevning so‘roviga izoh berarkan, ushbu masala bo‘yicha qarorni parlament qabul qilishini aytib, davlat rahbari bu ishga aralashmasligini ta’kidlagan.
Fizik olim, akademik Askar Akayev Qirg‘izistonni 1990 yil, ya’ni mamlakat suverenitetga erishgan paytdan boshqardi. 2005 yil 24 martdagi voqealar ortidan iste’foga chiqib, vatanini tark etgan. Aholining noroziligiga, xususan, sobiq prezidentning yirik davlat aktivlarini xususiylashtirishda ishtirok etgan oila a’zolari va sheriklari hatti-harakati sabab bo‘lgan. Akayevga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoiy ish 2023 yil yanvar oyi boshida da’vo muddati o‘tgani bois to‘xtatilgan.