Vatanimiz tarixidagi 3 iyun sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1869 yil (bundan 156 yil oldin) – Rossiya Davlat Kengashining qarori bilan Toshkentda Moliya vazirligiga qarashli Turkiston G‘aznachilik palatasi tashkil etilib, shu paytgacha bu yerda faoliyat ko‘rsatgan xarajat bo‘limi yopildi. Tarixchi Uyg‘un Jumayevning qayd etishicha, uning hisobida bo‘lgan barcha mablag‘lar va mulklar Turkiston G‘aznachilik palatasi ixtiyoriga o‘tkazildi. G‘azna mulklarini joylashtirish uchun binolar qurish va ularni qo‘riqlash ishlari o‘lka general-gubernatori zimmasiga yuklandi.
1910 yil (bundan 115 yil oldin) – Xiva xoni Muhammad Rahimxon II ning sog‘lig‘i yomonlashib, tez-tez kasal bo‘lib turgani sababli Turkiston general-gubernatori Samsonov Rossiya imperiyasi Tashqi ishlar vaziridan Xiva xoni vafot etgan taqdirda qanday yo‘l tutish haqida: xonning o‘g‘li Asfandiyorxonni valiahd sifatida xon deb tan olib, tartibsizliklarni bostirish kerakmi yoki shu bahonada xonlikni imperiya tarkibiga qo‘shib olish lozimmi, deb maslahat so‘radi.
Tarixchi olim Ne’mat Polvonovning qayd etishicha, vazirning javob xatida Turkiston general-gubernatoriga xonlikdagi boshqaruv tartibi saqlangan holda Asfandiyorxonga islohotlar o‘tkazish loyihasini taklif etish va uning bajarilishini talab qilish vazifasi yuklatildi. Shu sababli ham Turkiston general-gubernatori Amudaryo bo‘limi boshlig‘iga agar Muhammad Rahimxon II vafot etsa, podsho hukumati nomidan Asfandiyorxonni Xiva xoni deb tan olish va tartibsizliklar vujudga kelsa, harbiy kuch bilan bostirish hamda yangi xondan mamlakatda islohotlar o‘tkazishni qattiq talab qilish topshirildi.
1913 yil (bundan 112 yil oldin) – huquqshunos olima, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Xadicha Sulaymonova tavallud topdi (vafoti 1965 yil). U 1954–1955 yillarda Toshkent yuridik instituti rektori, 1956–1959 yillarda O‘zbekiston SSR Adliya vaziri, 1959–1964 yillarda O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti huzuridagi Adliya komissiyasi raisi lavozimlarida ishlagan. 1964 yildan to umrining oxiriga qadar O‘zbekiston SSR Oliy sudi raisi bo‘lgan.
Olimaning ilmiy ishlari jinoyat huquqi, xususan, O‘zbekistonda huquqshunoslik fanining vujudga kelishi va rivojlanishi, xotin-qizlar huquqi masalalariga bag‘ishlangan. U O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Falsafa va hukuq institutini (1958), respublika Adliya vazirligi huzuridagi Sud ekspertizasi ilmiy-tadqiqot institutini (1959) tashkil etish tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan.
1943 yil (bundan 82 yil oldin) – Namangan viloyati tumanlarida Ikkinchi jahon urushi davrida ozod etilgan Qabardin–Bolqar mehnatkashlariga yuborish uchun kitob to‘plash tashkil etildi. Viloyat kutubxonalari jamg‘armalaridan 4 ming 725 ta kitob to‘plandi.
1954 yil (bundan 71 yil oldin) – O‘zbekiston hukumati “Samarqand va Buxoro viloyatlari o‘rtasida suv taqsimoti haqida va Kattaqo‘rg‘on suv ombori ish tartibi to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Unda joylardagi suv xo‘jaligi organlari zimmasiga Zarafshon daryosida suv rejada belgilangan sarf miqdoridan pasayib ketganda Samarqand va Buxoro viloyatlariga Kattaqo‘rg‘on suv omboridan rejadagi suvni berib borish, zarurat tug‘ilganda To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlari suvlari hisobidan ushlab turish topshirig‘i yuklandi.
1957 yil (bundan 68 yil oldin) – O‘zbekiston Oliy Sovet Prezidiumining farmoni bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutiga Abu Rayhon Beruniy nomi berildi.
1959 yil (bundan 66 yil oldin) – Toshkent viloyat ijroiya qo‘mitasi “Tuyabo‘g‘iz suv ombori qurilishining borishi to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Unda Ohangaron daryosidagi Tuyabo‘g‘iz suv omborining viloyatda eng katta suv xo‘jaligi ob’ekti sifatida mavjud yer maydonlarini suv bilan ta’minlash va yangi yer maydonlarini o‘zlashtirishda katta ahamiyatga molik ekanligi alohida qayd etildi.
1991 yil (bundan 34 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent moliya institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – jamoat tartibini ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tabiiy ofatlar paytida qutqaruv ishlarini olib borish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlari tarkibida Tezkor polk tuzildi va uning bo‘linmalarining joylashgan joyi sifatida Toshkent, Termiz va Samarqand shaharlari belgilandi.
1995 yil (bundan 30 yil oldin) – Toshkentda O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasining ta’sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi Toshkent–Berlin–Toshkent yangi havo yo‘lini ochdi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari reytingini aniqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA