Akademik litseylarga kirish imtihonlari: ruxsatnomalarni olish boshlandi
Akademik litseylarda tahsil olishni maqsad qilgan minglab o‘quvchilar uchun qabul jarayonining muhim bosqichlaridan biri test sinovlarida ishtirok etish uchun ruxsatnomani olishdir.
Abituriyentlar o‘z vaqtida ruxsatnomani yuklab olishi yoki ta’lim muassasasidan qabul qilib olishi hamda imtihon kuni belgilangan talablarga amal qilishi zarur.
2026/2027 o‘quv yili uchun akademik litseylarga hujjat topshirgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun ruxsatnomalarni olishlari mumkin.
Ruxsatnomani quyidagi usullar orqali olish mumkin:
my.edu.uz va my.gov.uz platformalarida shaxsiy kabinetga login va parol orqali kirib yuklab olish;
hujjat topshirilgan akademik litseyga bevosita murojaat qilib olish.
Abituriyentlardan test sinovi o‘tkaziladigan hududga ruxsatnomada ko‘rsatilgan vaqtdan kamida 1,5 soat oldin yetib kelish so‘ralmoqda.
Imtihonga kelayotganda quyidagi hujjatlarni o‘zi bilan olib kelish majburiy:
shaxsni tasdiqlovchi hujjat (tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yoki pasport);
test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnoma.
Test sinovi o‘tkaziladigan manzil har bir abituriyentning ruxsatnomasida alohida ko‘rsatilgan bo‘ladi.
Shuningdek, abituriyentlar imtihonlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish uchun fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni, baholash mezonlari hamda IQ sinovlariga oid tavsiya etilgan adabiyotlar ro‘yxati bilan oldindan tanishib chiqishlari tavsiya etiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, imtihonga ertaroq yetib kelish va barcha hujjatlarni oldindan tayyorlab qo‘yish ortiqcha hayajonning oldini olib, test jarayonida e’tiborni to‘liq savollarga qaratish imkonini beradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA