Samarqand davlat tibbiyot universiteti akademik litseyida biologiya va kimyo fanlari bo‘yicha rektor olimpiadasi tashkil etildi. Olimpiadada ushbu akademik litsey hamda umumta’lim maktablarining 9-sinf o‘quvchilari ishtirok etdi. Xususan, SamDTU akademik litseyidan biologiya fani bo‘yicha 63 nafar, kimyo fani bo‘yicha 54 nafar o‘quvchi o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Samarqand shahridagi 12 ta umumta’lim maktablaridan esa 120 dan ortiq 9-sinf o‘quvchilari ishtirok etdi. Ishtirokchilar o‘z bilimlarini iki bosqichda: test sinovlari va vaziyatli masalalarni yechish orqali sinab ko‘rdi.
Olimpiadaning tantanali ochilish va taqdirlash marosimida SamDTU va akademik litsey ma’muriyati ishtirok etib, yo‘nalishlar bo‘yicha faxrli o‘rinlarni egallagan va “Vaziyatli masalani eng tezkor yechuvchi”, “Eng faol ishtirokchi”, “Eng bilimdon ishtirokchi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib deb topilgan o‘quvchilarni diplom va sertifikatlar bilan taqdirladi.

Shuningdek, universitet miqyosida tashkil etib kelinayotgan tadbirlarda faol ishtiroki uchun Xalqaro ta’lim fakulteti talabalari taqdirlandi.
Mazkur olimpiada yoshlarning sohadagi bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazish bilan birga ularni ilm-fan va tibbiyotga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishga xizmat qiladi.

M.Qosimova, O‘zA