Ajrashish yoqasidagi oilalar yarashdi
Bir yildan buyon ota uyimda yashayman, – deydi Ulugʻnor tumanidagi Mingchinor mahallasiga kelin boʻlib tushgan Nodiraxon Toʻychiyeva.
Andijonda oilalarni mustahkamlash, notinch oilalardagi muammo va nizolarni bartaraf etish, ajrashishlarning oldini olish, ajrashish yoqasida turgan oilalarni yarashtirish masalalariga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Viloyat, tuman va shahar xotin-qizlar qoʻmitalari, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassislar, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, imom-xatiblar, nizoli hamda ajrashish yoqasida turgan oilalar vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda oilalarni mustahkamlash, oiladagi maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekani, Prezidentimiz tashabbusi bilan bu borada keng koʻlamli ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi.
– Oila, onalar va bolalar davlatimiz himoyasida ekanini hech birimiz unutmasligimiz lozim, – deydi Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Zulayho Mahmudova. – Shu maʼnoda, oila manfaatlarini himoya qilish, bugungi kunda oilalarni qiynayotgan muammo va nizolarni bartaraf etish, ayniqsa, ajrashishlarning oldini olish masalasiga alohida eʼtibor qaratishimiz kerak. Ushbu tadbirni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad ham ana shu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Tadbir ishtirokchilariga ajrashishlar, oilada va farzand tarbiyasida yuzaga kelayotgan muammolar, qaynona-kelin munosabatlaridagi nizolar oilani parokandalikka olib kelishi, bunday holatlarning ayanchli oqibatlari aks ettirilgan videofilm namoyish etildi.
Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi oʻrinbosari Xolmoʻmin Yodgorov, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Zulayho Mahmudova tomonidan oilalardagi muammolarni bartaraf etish, ajrashish yoqasida turgan oilalarni yarashtirish boʻyicha muloqotlar oʻtkazildi.
– Bir yildan buyon ota uyimda yashayman, – deydi Ulugʻnor tumanidagi Mingchinor mahallasiga kelin boʻlib tushgan Nodiraxon Toʻychiyeva. – Bir hovlida uch kelin, qaynota-qaynonam, toʻrt oila yashaymiz. Sharoit qiyinligidan koʻp janjal boʻladi. Bir nafar farzandimiz bor, turmush oʻrtogʻim mavsumiy ishlar bilan band. Uy solish uchun yer uchastkasi berilishini soʻrab hokimiyatga koʻp bor murojaat qildik. Hozircha bu muammo hal boʻlgani yoʻq. Farzandim tirik yetim boʻlishini, ajrashishni xohlamayman.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi oʻrinbosari Xolmoʻmin Yodgorov ajrashishlarning oldini olishga yoshi ulugʻ insonlar masʼul ekani, oilaning muqaddasligi, qaynona farzandlarining baxtli boʻlishi, kelin-kuyovlar oilasini asrab qolishi, farzandlarining tirik yetim boʻlib qolmasligi uchun har qanday qiyinchilikni yengib oʻtishi kerakligi, buning uchun, eng avvalo, kechirimli boʻlish kerakligini tushuntirdi.

Muloqot davomida turli nizolar tufayli parokanda boʻlib turgan koʻplab oilalar, ajrashmoqchi boʻlgan kelin-kuyovlar, “tosh otishayotgan” qaynona-kelinlar bir-birlaridan kechirim soʻrab, birgalikda ahil yashashga vaʼda berdi.
Tadbir doirasidagi muloqotlarda inson sabrli boʻlishi, ayniqsa, oila mustahkamligini taʼminlashda turli qiyinchiliklarni yengib oʻtish, ota-bobolarimiz hatto urush, qahatchilik yillarida ham turli qiyinchiliklarni sabr bilan yengib oʻtgani, xalqimizning oilani mustahkamlash borasidagi qadim va betakror qadriyatlari misolida ularga oilalarini saqlab qolish, mustahkamlash tushuntirildi. Suhbatlar davomida koʻplab kelin-kuyovlar, qaynonalar oʻz xatolarini anglab, bundan buyon ahil yashashga kelishib oldi.
– Ikki nafar farzandim bor, – deydi Roʻzixon Umidjonova. – Turmush oʻrtogʻim bilan ahil yashaymiz. Biroq turmushidan ajrab kelgan qayinsinglim tinch yashashimizga qoʻymayapti. Uyingga ketasan, deb har kuni janjal chiqaradi. Uning xatti-harakatlariga qaynona-qaynotam ham qarshilik qila olmayapti. Bu oiladan ketsam ikki farzandim bilan ota uyimga ham sigʻmayman. Men har qanday qiyinchilikka sabr bilan chidashga tayyorman, faqat farzandlarim otasiz oʻsishini istamayman.
Muloqot davomida ajrashish yoqasida turgan koʻplab oilalar yarashtirildi.
