Ajiniyoz hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma
O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligi, hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar, tasviriy san’at asarlari va xalq amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmasi ochildi.
Har bir xalqning o‘zi suygan, ardoqlagan shoiri bo‘ladi. Zamonlar o‘tgan sari shoirning ijodi, shaxsi asta-sekin xalq hayotiga kirib, uning tafakkuriga singib boradi va odamlar qalbidan abadiy joy oladi.
Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li qoraqalpoq xalqining ana shunday vatanparvar shoiri edi.

Shu yilning 16 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Bu respublikamiz madaniy va adabiy hayotida katta voqelik bo‘ldi. Chuqur bilim, yuksak madaniyat sohibi, nozik his-tuyg‘u egasi bo‘lgan Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li Sharq she’riyati an’analarini o‘rganish asosida qoraqalpoq she’riyatini badiiy-estetik jihatdan boyitgan, misralarga rang-barang badiiy shakl bag‘ishlagan, qoraqalpoq yozma adabiyotini yangi bosqichga ko‘targan serqirra iste’dod egasidir.

Uning asarlari XIX asr qoraqalpoq she’riyatining gultoji hisoblanadi.
Manbalarga ko‘ra, Xivadagi mashhur Sherg‘ozixon va Qutlimurod inoq madrasalarida bu ulug‘ siymo nafaqat mamlakatimizda, balki butun mintaqamizda xalqchil shoir, yetuk muallim va ustoz, mohir xattot sifatida shuhrat qozongani ayniqsa, e’tiborga molikdir.
Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur va boshqalar mazkur ko‘rgazmaning ahamiyati xususida so‘z yuritdi.

E’tirof etilganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda ulug‘ bobolarimiz xotirasini abadiylashtirish, ular merosini asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga yetkazishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash YUNESKOning xalqaro yubileylar rejasiga kiritilgani ham uning ijodiy merosi umumbashariy ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi. Uning go‘zal asarlari turkman, qozoq, qirg‘iz va boshqa qardosh xalqlar tomonidan ham sevib o‘qiladi. Mazkur ko‘rgazma mutafakkirning betakror adabiy merosini yanada keng o‘rganish va ommalashtirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Ko‘rgazmaning ochilishida Ajiniyoz ijodidan namunalar o‘qildi. Dilbar kuy-qo‘shiqlar yangradi.

N.Usmonova, O‘zA