Ajdodlarimiz merosi – hayotiy maktab
Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning adabiy merosi zamon va makon tanlamaydigan, har qanday millat vakili uchun yuksak namuna bo‘la oladigan boy manbalardir. Bu buyuk allomalarimizning merosi nafaqat adabiyot tarixida, balki butun insoniyat tafakkuri rivojida beqiyos o‘rin tutadi.
Har ikkala ajdodimizning she’riyati, ijodi, faoliyati asrlar davomida avlodlarga o‘rnak va andoza bo‘lib kelmoqda. Bugun ham Navoiy va Bobur shaxsiyati va ijodini keng o‘rganish, mag‘zini chaqish va targ‘ib etish eng muhim vazifalardandir.

Poytaxtimizda O‘zLiDeP va “Nuroniy” jamg‘armasi hamkorligida Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan tashkil qilingan “Ajdodlarimiz merosi – hayotiy maktab” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ayni masalalar haqida so‘z bordi.

Tadbir davomida buyuk bobokalonlarimizning hayoti, ijodi va adabiy merosiga to‘xtalib o‘tildi. Har ikkala ajdodimizning boy va rang-barang ijodi, asarlari insoniyat tafakkuri ravnaqida, ma’naviy jihatdan yuksalishida alohida o‘rin egallashi qayd etildi. Shuningdek, tadbir davomida Navoiy va Boburning g‘azal hamda ruboiylaridan parchalar o‘qildi.
M.Komilova,
O‘zA