21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni

O‘zbek tilining tarixiy taraqqiyot davri juda qadimiy. Chunki tilimiz rivojlanish davri eramizdan avvalgi davrlarga borib taqaladigan va bugungi kunda o‘ttizdan ortiq tilni o‘z ichiga olgan turkiy tillar oilasiga kiruvchi tildir. Faxr bilan aytishimiz mumkinki, turkiy tilda yozilgan, bizga qadar saqlanib qolgan eng ko‘hna yodgorliklarimizni ham tushuna olamiz. Ulardagi ko‘pgina so‘zlarning aynanligicha saqlanib qolgani va hozir ham umumiste’molda foydalanilayotgani buning sababi, desak yanglishmaymiz. Masalan, xalqimizning sevimli yozuvchilaridan biri Pirimqul Qodirovning «Til va el» asarida bizgacha to‘liq holda yetib kelmagan «Alp Er To‘ng‘a» dostoni haqida fikr bildirilib, Alp Er To‘ng‘a tilidan aytilgan quyidagi misralar keltiriladi:

Bilikni yugarman,

Ko‘ngilni tugarman.

Ulug‘ni tilarman,

Tilakni bo‘larman.

Bundan ikki yarim ming yil oldin bitilgan ushbu satrlardagi «yig‘arman» ma’nosidagi «yugarman» so‘zidan tashqari barcha so‘zning ma’nosi tushunarli. Bilim yig‘ishni ko‘nglimga tugaman, ulug‘lik tilayman, tilakni yo‘qlayman, mazmunidagi yuqoridagi to‘rt misra qadimiy satrlar bo‘lib, bu so‘zlarning aynanligicha bizga yetib kelgani, nutqimizda bilim, ulug‘lik, tilak, tilamoq kabi so‘zlar, ko‘ngliga tugmoq iborasi hanuz faol ishlatilayotgani tilimizning abadiyatga daxldorligidan dalolatdir.

Qolaversa, eramizning VII-VIII asrlariga tegishli bo‘lgan bitiktoshlar tili ham fikrimizni yana bir bor tasdiqlaydi. «Kultegin» bitiktoshida ukasining o‘limidan ezilgan Bilga hoqon tilidan shunday misralar keltiriladi:

O‘zim saquntum,

Ko‘rur ko‘zum ko‘rmastek,

Bilur biligim bilmaztek bo‘lti.

O‘zim saquntim,

Oncha saquntim,

Ko‘zda yash qaltar.

Bu misralarda «saquntim» so‘zi «sog‘indim» so‘zining, «qaltar» so‘zi «qalqiydi» so‘zining qadimiy shakli bo‘lib, qolgan so‘zlar tushunarli. Ya’ni ukasining o‘limidan azob chekkan Bilga hoqon o‘zim sog‘indim (ukasini), ko‘rar ko‘zim ko‘rmasdek bo‘ldi, bilganim esimdan chiqdi, ancha sog‘indim, qayg‘udan ko‘zimdan yosh qalqiydi, deb iztirob chekmoqda.

Demak, tilimiz asrlar osha faqat aloqa vositasi vazifasida emas, balki xalqimiz orzu-istagi, quvonchi, qayg‘usini ifodalashga ham xizmat qilib kelgan. Yoki XI asrda yaratilgan, biroq keltirilgan misollari undan-da qadimiyroq bo‘lgan Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘ati turk» asaridagi har bir she’r, afsona, maqollarga qarasak, tilimiz necha-necha ajdodlarimizga beminnat xizmat qilib kelayotganini anglaymiz:

Ulug‘luqug‘ bo‘lsa sen ezgu qilin,

Bo‘lg‘il kishig Beklar qatin jaxshi ulan.

Bu misralarda anglaganimizdek, ulug‘likka (martaba va darajaga) yetishsang, xulqingni yaxshi qil, amirlar oldida yaxshilik yetkazuvchi bo‘l, deyilmoqda.

Tarixdan ma’lumki, tilimiz o‘lkamizda hukm surgan mashhur podsholiklarning davlat ishlarini yuritishdagi asosiy tili bo‘lgan. Agar shunday bo‘lmaganda, mashhur Turk hoqoni Bilga hoqon va uning sarkardasi To‘nyuquq o‘z hayot yo‘li aks etgan bitiktoshlarni shu tilda yozdirmagan bo‘lar edi. Qoraxoniylar davrida yaratilgan, davlat boshqaruviga oid «Qutadg‘u bilig» asari, buyuk sarkarda Amir Temurning «Temur tuzuklari», Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asari bu tilda yozilmas edi.

Tilimiz o‘sha davrlardayoq Movarounnahr va Xuroson bo‘ylab keng tarqalgan va iste’molda bo‘lgani sababli shayx ul-mashoyix Ahmad Yassaviy o‘z «Hikmatlar»ini shu tilda yozgan va minglab ixlosmandlariga islom g‘oyalari, tariqat odobini shu tilda tushuntirgan. Hatto hikmatlarida «Otim Ahmad, Turkistondir elim mening, Yurtim turk, elim turk, tilim turkdir. Tilim ko‘p tillardan ko‘ruklikdir» deb iftixor etganlar.

Tilimiz bir necha yuz yillar ajdodlarimizning ona tili hisoblanib kelgani uchun uning kelajagi to‘g‘risida kurashlar, xatti-harakatlar to‘xtamagan. Hazrat Alisher Navoiy umrboqiy asarlarini shu tilda yozgan, bu tilning boshqa tillardan qolishmasligini nazariy jihatdan «Muhokamat ul-lug‘atayn» asari, amaliy jihatdan «Xamsa» asari va minglab g‘azal-ruboiylari orqali isbotlagan. Bu til ilm tili bo‘la olishini «Mezon ul-avzon» asari bilan, rasmiy bayonda ham boshqa tillardan qolishmasligini «Vaqfiya», «Munshaot» asarlari bilan dalillagan.

Alisher Navoiyning tilimiz ravnaqi borasidagi bu ishlari keyinchalik ham davom ettirilgan. Ayniqsa, o‘tgan asrning boshlarida tilimizga siyosiy tizimning salbiy ta’siri sezila boshlagach, jadid allomalarimiz til qayg‘usini millat qayg‘usi darajasiga ko‘tardilar. Ular nafaqat Vatan mustaqilligi, xalq erki uchun kurashdilar, balki tilimiz sofligi, uning kelajagi xususida ham ma’lum ishlar olib bordilar. XX asrning boshlarida o‘zbek tili bo‘yicha darsliklar, ilmiy tadqiqotlar yaratila boshlandi. Tilimiz fidoyilari tomonidan «Til saboqligi» (1924), «O‘zbekcha til saboqlig‘i» (Munavvar Qori va boshqalar. 1925), «Til qoidalari» (Sh.Zunnun. 1929), «O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba» (A.Fitrat) kabi darsliklar chiqarilib, ona tilimiz fonetikasi, leksikologiyasi, grammatikasi, punktuatsiyasining rivojlanishiga turtki bo‘ldi.
 
Xullas, qancha-qancha qiyinchiliklar, to‘siqlarga qaramay, ajdodlarimiz tilimizni avaylab, butun jozibasi, kuch-qudratini asoslab, bor imkoniyatlarini dalillab, rivojlantirib, bizga yetkazib berishdi. Davlatimiz rahbari o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ta’kidlaganidek, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar. Va shu orqali tilimizning umrboqiy bo‘lishi, zamonlar osha o‘lkamizda yangrashini ta’minlaganlar. Ajdodlarimiz singari biz ham faxrimiz, qadrimiz bo‘lgan ona tilimizni asrashimiz, kelajak avlodga sofligicha, bor jilosi bilan yetkazishimiz kerak.

Orzibonu Yusupova,

Svetlana Umirova,

SamDU o‘zbek tilshunosligi

kafedrasi dotsentlari

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ajdodlarim faxrlangan ona tilim