Ajdodlar qahramonligi hech qachon unutilmaydi
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov viloyat sektorlari rahbarlari va bir guruh faollar hamrohligida ajdodlari qatag‘on qilingan Muhammadjon Avazjonov xonadonida bo‘ldi. Viloyat hokimi xonadon egalari bilan suhbatlashdi, mustaqilligimizning 32 yillik bayrami bilan qutladi. O‘tganlarning haqqiga duo qilindi.
O‘tgan asrning 20-yillarida bir guruh turkistonlik va buxorolik yoshlarning Germaniyaga o‘qishga yuborilishi Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida juda katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan. Chunki fan va xo‘jalikning turli sohalarida zamonaviy bilimlar bilan qurollangan yoshlarning yuqori malakali kadrlar bo‘lib qaytishi xalqimiz va mamlakatimizning keyingi taqdiriga katta ta’sir o‘tkazishi mumkin edi. Ammo Vatanimizning rivojlanib ketishini istamagan mustabid tuzum ma’murlari bunga yo‘l bermadi.




Dastlab mintaqa taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin bo‘lgan bu yoshlarning o‘qishlarini bitirmay qaytishi talab etildi, qaytganlarini esa 1930-1937 yillarda nemis shpionlari va millatchi deb turli bahonalar bilan otib tashlashdi.
Tarixchilarning guvohlik berishicha, shu vaqtgacha Turkistondan va Buxorodan Germaniyaga o‘qishga yuborilganlar soni 70 ga yaqin, deb kelinardi va shulardan faqatgina 10 dan oshig‘i to‘g‘risida ma’lumotlar bor edi. So‘nggi yillarda olib borilgan ilmiy tadqiqot va izlanishlar natijasida Germaniyaga o‘qishga yuborilgan talabalarning soni 100 nafardan oshiq bo‘lgani va ularning hamon tarix fani uchun noma’lum bo‘lib qolayotgan faoliyatlarini o‘rganishda bir qator yangiliklar qo‘lga kiritilmoqda.


Ana shundaylardan biri Muhammadjon Avazjonov edi. Muhammadjon Avazjonov 1905 yil Buxoro shahrida ziyoli oilasida tug‘ilgan. Muhammadjonning otasi o‘z davrining yirik savdogarlaridan biri bo‘lgan. 17 yashar Muhammadjon 1922 yilning 4 sentyabrida Buxoro hukumati tomonidan boshqa yoshlar qatori Germaniyaga o‘qishga yuboriladi.
Yosh Muhammadjon Isomiddinov dastlab Germaniyaning Kyosling shahrida pedagogika maktabida tahsil oladi. Shu yerda til o‘rganadi va o‘rta maxsus shahodatnomani qo‘lga kiritgach, yana bir vatandoshi Isomiddin Alovuddinov bilan Kottibus shahridagi to‘qimachilik hunar-texnika oliy maktabiga o‘qishga kiradi. Ular oliy maktabda ilmiy-nazariy bilimlar bilan bir paytda bu hunar yuzasidan mukammal amaliy ko‘nikma va malakalarni ham hosil qiladi. Bir paytlar Ko‘hna Buxorodan yevropacha ilmu hunar olish maqsadida Germaniyaga yo‘l olgan, Germaniyada oliy ma’lumotli injiner to‘qimachi diplomiga ega bo‘lgan bu yoshlar 1928 yilda o‘z yurtlariga yorug‘ yuz bilan qaytadi.



Muhammadjon Avazjonov Germaniyadan qaytganidan so‘ng, Farg‘ona to‘qimachilik kombinatida injiner sifatida faoliyat olib boradi. O‘zbekistonning yengil sanoati taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Bunda uning bilimi, iqtidori, chet elda o‘qib o‘sha payt uchun yuqori texnika vositalarini o‘zlashtirgani qo‘l keladi. Ammo Germaniyada o‘tkazgan bolaligi, nemis tilini mukammal bilishi va texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgani oxiri Muhammadjon Avazjonov hayotidagi yutuq emas, balki qora tamg‘aga aylanadi.
1938 yil 9 oktyabrda uning faoliyatiga ham rahna solinadi va u isbotlanmagan gumon bilan qamoqqa olinadi. Uning uyi – kombinatga qarashli umumiy yotoqxonadagi unga tegishli xona tintuv qilinib, bor mol-mulki – tegishli hujjatlar, pasporti, oilaviy suratlari, kitob, xatlari, hatto, shaxsiy buyumlari, xo‘jalik anjomlarigacha xatlab olinadi. Ular go‘yoki tintuv chog‘ida jinoyat dalillari sifatida baholanadi va hammasi davlat foydasiga talon-taroj qilinadi. O‘zi esa eng oliy jazo otuvga hukm etiladi.


1957 yil 23 sentyabr kuni Turkiston harbiy okrugi Harbiy tribunali tomonidan Muhammadjon Avazjonov oqlanadi. Uning ukasi Rahmatjon Avazjonovning ham qismati juda ayanchli kechadi. Akasi singari ilm va til o‘rganish, kasb-hunar egallash maqsadida Rahmat Avazjonov Germaniyaga yo‘l oladi. 1922-1928 yillar mobaynida Zarau shahridagi Pruss to‘qimachilik hunar-texnika oliy maktabida ta’lim oladi. Vatanga qaytib, dastlab Moskvada “Erkin mehnat” to‘qimachilik fabrikasida ishlaydi. 1930-35 yillarda Moskvadagi Butunittifoq sanoat mo‘yna uyushmasi (Soyuzmexprom) laboratoriyasida mehnat qiladi. Soha rahbariyati tomonidan uning bilimi, iqtidori, chet elda o‘qib, o‘sha payt uchun yuqori texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgani uchun 1936 yildayoq Toshkentdagi to‘qimachilik kombinatiga ishga taklif qilishadi. U o‘z faoliyatini shu yerda davom ettiradi va kombinat qoshidagi o‘quv ishlab chiqarish korxonasida o‘qituvchilik qilib, kadrlar tayyorlash ishiga ham katta hissa qo‘shadi. Biroq u 1937 yil 4 sentyabrda isbotlanmagan, gumon va bo‘htonlardan iborat ayblov bilan qamoqqa olingan. 1938 yil 9 oktyabrda otuvga hukm etiladi. Rahmatjon Avazjonov 1957 yil 20 sentyabrda to‘la oqlanadi.
Tadbirda Muhammadjon va Rahmatjon Avazjonovlarning xalq hayotini yaxshilash, ilm-fan va sanoatni rivojlantirish yo‘lidagi jasorati xotirlandi. Hokimlik tomonidan bayram sovg‘alari topshirildi. Maktab o‘quvchilari tomonidan erku istiqlolni, osoyishta hayotni madh etuvchi she’rlardan yod aytildi.

Muloqot chog‘ida viloyat rahbari viloyatdagi qatag‘on qurbonlarining jasorati, ularning bosib o‘tgan hayot yo‘llari har birimiz uchun ibrat namunasi ekanligini, shu bois ularning ma’rifatli jamiyat qurish borasidagi buyuk xizmatlarini mahallalarda, ta’lim maskanlarida keng targ‘ib qilish zarurligini ta’kidladi.
Xonadon sohiblari ajdodlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbaridan minnatdorliklarini bildirishdi.
El-yurtimiz ozodligi va erkinligi yo‘lida jasorat ko‘rsatgan qatag‘on qurbonlarining avlodlari istiqomat qilayotgan xonadonlarda o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar viloyat bo‘ylab davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA