“Ajdaholar” - Bosniya va Gersegovina terma jamoasi
2026-yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati ularning 2-ishtiroki bo‘ladi.
Bosniya terma jamoasi tarixi
Bosniya va Gersegovina Futbol Assotsiatsiyasi 1992-yilda tashkil topgan. Ular 1996-yildan beri FIFA va 1998-yildan buyon UEFA a’zosi hisoblanadi. “Ajdaholar” o‘zining ilk bellashuvini 1995-yilda Albaniya terma jamoasiga qarshi o‘tkazgan va 2:0 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bosniyaliklar eng yirik g‘alabasiga 2012-yilda Lixtenshteyn terma jamoasiga qarshi uchrashuvda erishgan. Bu bahsda “ko‘k ranglilar” 8:1 hisobida raqibdan ustun kelgan. Ular eng katta mag‘lubiyatini esa 2024-yilda Germaniyadan qabul qilib olgan. Bu bellashuvda nemislar 7:0 hisobida zafar quchgan. Bosniya terma jamoasi ayni vaqtda FIFA reytingida 71-pog‘onani band qilib turibdi.

Jahon chempionatidagi ishtiroki
Bosniya va Gersegovina terma jamoasi hozirgacha bir marta ishtirok etgan. “Ajdaholar” debyutini 2014-yil Braziliya yashil maydonlarida bo‘lib o‘tgan mundialda o‘tkazgan. Ilk ishtirok ular uchun omadli bo‘lmagan. “Ko‘k ranglilar” bu mundialda Argentina, Eron va Nigeriya bilan bir guruhda joy olgan. 1-turda bosniyaliklar Argentinaga qarshi maydonga chiqdi va bu bahsda 2:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. 2-turda "ajdaholar" Nigeriya bilan kuch sinashdi. Bu bahsda nigeriyaliklar minimal 1:0 hisobida zafar quchdi. Bosniya terma jamoasi turnirdagi ilk g‘alabasini 3-turda Eronga qarshi uchrashuvda qo‘lga kiritgan. Bu bellashuvda "ko‘k ranglilar" 3:1 hisobida Eronni tor-mor etadi. Shunday qilib, Bosniya terma jamoasi ilk mundialdagi ishtirokini 3 ochko bilan guruh bosqichida yakunlagan.

Eng yaxshi futbolchilari va narxi
Bosniya terma jamoasi safida eng ko‘p maydonga tushgan futbolchi bu Edin Jeko hisoblanadi. Futbolchi terma jamoa libosida 148 ta uchrashuvda maydonda harakat qilgan. Terma jamoa to‘purari ham aynan Jeko sanaladi. U Bosniya terma jamoasi uchun 73 ta gol urishning uddasidan chiqqan. Ayni vaqtda “ajdaholar”ning “Transfermarkt” portalidagi narxi 127.10 million yevroni tashkil etadi. Hozirda terma jamoa tarkibidagi eng qimmat futbolchi esa Ermidin Demirovich sanaladi. Uning hozirda transfer bozoridagi narxi 22 million yevroga baholanmoqda.

Bosniya terma jamoasi joriy yil bo‘lib o‘tadigan mundialda o‘z yurishini 12-iyun kuni Kanadaga qarshi uchrashuv bilan boshlaydi. “Ajdaholar” 2-turda 18-iyun kuni Shveysariya terma jamoasi bilan kuch sinashadi. So‘nggi turni esa 24-iyun sanasida Qatar termasiga qarshi maydonga tushadi.