Aholining tibbiy savodxonligini oshirish –davr talabi
Prezidentimiz joriy yil mart oyida Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, salomatlikka oid bilim va tushunchalarini boyitish muhimligini ta’kidlab, bu borada tegishli mutasaddilarga topshiriqlar bergan edi.
Viloyat madaniyat markazida Salomatlik va strategik rivojlanish instituti mutaxassislari tomonidan mahalliy shifokorlar uchun tashkil qilingan mahorat darsi mazkur yo‘l-yo‘riqlarni amalga oshirishga qaratildi.

Namangan shahri, Davlatobod, Yangi Namangan va Mingbuloq tumanlari tibbiyot birlashmalari hamda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari vakillari ishtirokidagi tadbir avvalida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulhodi Iminov sog‘lom turmush targ‘iboti, fuqarolarning tibbiy madaniyatini shakllantirish xalqimiz salomatligini ta’minlashning muhim omillaridan biri ekanligiga e’tibor qaratdi.
Qayd etilganidek, aholi o‘rtasida sog‘lom hayot targ‘ibotini olib boradigan tibbiyot xodimlarining o‘zi yetarli bilim va tushunchaga ega bo‘lishi lozim. Salomatlik va strategik rivojlanish instituti rahbari o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Nodira Alixonovaning “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” mavzuidagi ma’ruzasi katta qiziqish bilan tinglandi. Olima har ikki omilning inson salomatligida tutgan o‘rnini ko‘p yillik izlanishlari va amalga oshirilgan tadqiqotlar asosida izohlab o‘tdi.

Shuningdek, anjumanda sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik, zararli odatlar bilan kurashish, stressni yengish qobiliyati, kun tartibiga rioya etish yuzasidan tavsiyalar berildi. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish uchun ularni keltirib chiqaruvchi xavf omillariga qarshi kurashish muhimligi aytildi. Yurak qon-tomir, saratonning ba’zi turlari, qandli diabet va surunkali nafas olish kasalliklarining oldini olishga doir ko‘rsatmalar haqida so‘z bordi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, yuqumsiz kasalliklar dunyoda eng ko‘p tarqalgan o‘lim sababchisidir. Bu xastaliklar odamdan odamga yuqmaydi. Har yili yuqumsiz kasalliklardan 40 million nafardan ortiq bemor hayotdan ko‘z yumadi. Bu barcha o‘lim ko‘rsatkichlarining to‘rtdan uch qismiga to‘g‘ri keladi. Ma’ruza chog‘ida yurtimizdagi vaziyat haqida ham tushuncha berildi va tibbiyot xodimlari oldida turgan dolzarb vazifalarga e’tibor qaratildi. Birinchi navbatda, aholining tibbiy savodxonligini oshirish zarurligi aytildi.
Muloqot chog‘ida qatnashchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi. Xuddi shunday anjumanlar Chust va Uychi tumanlarida ham o‘tkazildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri