Aholining moliyaviy savodxonligini oshirilmoqda
Markaziy bank Navoiy viloyati bosh boshqarmasi tomonidan Navoiy davlat pedagogika institutida “Aholining moliyaviy savodxonligini oshirish” loyihasi doirasida seminar-trening tashkil qilindi.
Interaktiv shaklda tashkil qilingan tadbirda xotin-qizlar, yoshlar, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan aholi vakillari ishtirok etdi.
Markaziy bank Navoiy viloyati bosh boshqarmasining mas’ullari tomonidan moliyaviy savodxonlik, bu boradagi bilimlardan oqilona foydalanish, moliyaviy firibgarlik turlari, moliyaviy maqsadlarni belgilash, oilaviy byudjetni yuritish hamda bank xizmatlaridan foydalanish, bank omonatlari orqali jamg‘arma yaratish, ijobiy kredit tarixini shakllantirish va boshqa bir qator mavzularda suhbatlar olib borildi.
[gallery-16665]
– Iqtisodiyotning barqaror va mutanosib rivojlanishi, turmush darajasi va farovonlikning oshishi ko‘p jihatdan aholining iqtisodiy tafakkur va ko‘nikmalarining rivojlanishiga bog‘liq, – deydi Markaziy bank Navoiy viloyat bosh boshqarmasi Tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish bo‘limi bosh iqtisodchisi Hikmatillo Himmatov. – Chunki aholi qanchalik yuqori iqtisodiy faollik va moliyaviy savodxonlikka ega bo‘lsa, ularning iqtisodiy faoliyati, hayotning turli jabhalarida qabul qilayotgan qarorlari shu darajada samarali bo‘ladi. Ayniqsa, moliyaviy savodxonlik mamlakatdagi ishbilarmonlik muhitining rivojlanishiga, tadbirkorlik faoliyatining kengayishiga qulay imkon yaratadi.
Tadbir yakunida xotin-qizlar va yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob olishdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari