Milliy matbuot markazida Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan “Tovar belgisi himoyasi va kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurash” mavzuidagi matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda mamlakatimizda Intellektual mulk agentligi tomonidan olib borilayotgan tovar belgisining himoyasi, kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurash, tadbirkorlar huquqini himoya qilish, o‘zaro manfaatlar kesishuvining oldini olish hamda investitsion muhitni va teng sharoitlardagi raqobat muhitini shakllantirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, tovar va xizmat ko‘rsatish belgisi bir ishlab chiqaruvchining tovar va xizmatlarini boshqa ishlab chiqaruvchining xuddi shunday tovar va xizmatlaridan farqlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u intellektual mulk ob’ekti hisoblanadi. Tovar belgisi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq muhofaza qilinadi. Ayni paytda yurtimizda daslabki raqamlarga binoan 60 mingdan ortiq tovar belgisi mavjud.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 28 yanvardagi “Intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Intellektual mulk agentligiga har yili (15 fevral – 15 mart) bir marta respublika bo‘ylab kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasiga qarshi real samarali kurashishni ko‘zda tutuvchi “Kontrafaktsiz oy”ligini o‘tkazish vazifasi belgilangan.
“Kontrafaktsiz oy”ligi davomida Agentlik tomonidan hududiy adliya va davlat soliq xizmati organlari bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bozorlar, yirik savdo majmualari va ko‘chma savdo nuqtalarida kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarilishi va sotilishiga qarshi kurashish bo‘yicha profilaktika tadbirlari o‘tkazildi.
Profilaktika tadbirlarida tadbirkorlar, sotuvchilar va aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yo‘lga qo‘yilib, ularga kontrafakt mahsulotlarni aniqlash, ularni asl mahsulotlardan farqlash bo‘yicha tavsiyalar berildi hamda kontrafakt mahsulot ishlab chiqarganlik va sotganlik uchun konunchilikda belgilangan javobgarlik choralari hamda kontrafakt mahsulotlarning insonlar sog‘lig‘iga yetkazishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlar to‘g‘risida aniq misollar bilan ma’lumot berildi.
Shuningdek, Agentlik tomonidan kontrafakt mahsulotlar katalogi yaratildi. Ushbu katalogda har bir soha (oziq-ovqat, dori darmon, parfyumeriya va boshqalar) bo‘yicha kontrafakt tovarlarning ma’lumotlari kiritilib, iste’molchi uchun qulay platforma yaratildi. Bunda iste’molchiga mazkur katalog orqali qaysi mahsulot kontrafakt yoki kontrafakt emasligini aniqlash imkonini beradi.
–Yurtimizda iste’molchilar mahsulotlarni ishonch bilan xarid qilishi hamda tadbirkorlar o‘rtasida nohalol raqobatning oldini olish maqsadida Agentlik tomonidan kontrafaktli va kontrafaktsiz hudud loyihalari ham amalga oshirilmoqda, –deydi Intellektual mulk agentligi axborot xizmati rahbari Feruz Jo‘rayev. – Bu orqali Agentlik tomonidan maxsus xarita yaratilib, ularda kontrafaktdan xoli va kontrafakt mahsulotlar mavjud savdo rastalari aks etgan. O‘z o‘rnida har bir iste’molchi ham qaysi hududda kontrafakt mahsulotlar sotilishi yoki sotilmasligi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ladi va ongli ravishda erkin tanlov qiladi.
Yana shuni alohida qayd etish kerakki, tovar belgilarini muhofaza qilish hamda hunarmandchilik, ishlab chiqarish mahsulotlarini maxsus nom bilan, ya’ni milliy brend ostida eksport qilish mahsulot sifati, ishlab chiqaruvchining ko‘p yillik tajribaga egaligi, xaridorlar orasida katta ishonch qozonganligini anglatib, mahsulot tannarxini bir necha barobarga oshiradi. Bu esa korxona, hunarmand, klasterning katta iqtisodiy foyda ko‘rishiga, jahonda xaridorgir va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishiga zamin yaratadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA