Bugungi kunda sayyor qabullar davlat idoralarining xalqqa yanada yaqin bo‘lishi, aholi muammolarini yechishning samarali tizimiga aylanib ulgurdi. Kadastr tizimida ham soha mutasaddilari tomonidan izchil tarzda o‘tkazib kelinayotgan sayyor qabullar fuqaro va tadbirkorlar murojaatlariga tezkorlik bilan yechim topilishiga munosib zamin yaratmoqda.
Shunga ko‘ra, Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmalari mas’ullari ishtirokida Yashnobod tumani aholisining kadastrga tegishli murojaatlarini ko‘rib chiqish maqsadida sayyor qabul tashkil etildi.
Unda 30 ga yaqin fuqaro va tadbirkorlarning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, meros va shu kabi masalalar bo‘yicha murojaatlari tinglandi. Ularning aksariyati joyida hal etildi. Bundan tashqari, qonunchilikdagi yangilik va o‘zgarishlar haqida ham yig‘ilganlarga huquqiy tushuntirishlar berildi.
Darhaqiqat, joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar, aholi vakillari bilan mutasaddi rahbarlarning uchrashuvlari bugun yaxshi an’anaga aylandi. Xalq bilan muloqotning bu ko‘rinishi davlat idoralari va fuqarolarni bir-biriga yaqinlashtirib, o‘rtadagi ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA