Aholining huquqiy savodxonligi oshirilmoqda
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan Navoiy viloyatining Karmana tumani 1-sektor hududidagi mahallalar aholisi uchun “Xalqqa xizmat – oliy qadriyat” shiori ostida kouching tashkil etildi.
Karmana tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari hamda sektor hududida mahallalardagi aholi vakillari ishtirok etgan tadbirda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy xizmatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
– Karmana tumanida 43 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, 42 nafar ijtimoiy xodim hamda 6 nafar ijtimoiy xodim assistentlari ajratilgan, – deydi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bo‘lim boshlig‘i G‘iyos Jumayev – Tumanimizda har bir ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimga o‘rtacha 1881 ta oila to‘g‘ri kelmoqda. Ijtimoiy xodim o‘ziga biriktirilgan mahallalardagi og‘ir vaziyatga tushib qolgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘plab, hududning ijtimoiy pasportini shakllantiradi hamda aniqlangan holatlar bo‘yicha oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatini yaxshilaydi.
[gallery-21727]
Interaktiv o‘yinlar asosida o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar tomonidan ijtimoiy himoya ko‘lamini kengaytirish va ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda aholi uchun qulayliklarni oshirish borasida fikr hamda takliflar bildirildi.
– Tashkil etilgan kouchingimizdan maqsad sohadagi yangiliklarni fuqarolarimizga yetkazish, ijtimoiylashuvni tashkil etishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirish, ularni qiziqtirgan savollarga javob bergan holda konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yishdir, – deydi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bosh mutaxassisi Jonibek Qodirov. – Tadbirda reabilitatsiya texnik vositalaridan foydalanish va protez-ortopediya mahsulotlari, bola puli, nafaqa pulini olish, bir martalik kompensatsiya to‘lovlari, sanatoriylarga yo‘llanma berish, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan yordam ko‘rsatish tartibi bilan fuqarolarni tanishtirib, ularda bilim hamda ko‘nikmalarni oshirmoqdamiz.
– Bugungi tadbirda ishtirok etib, ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Bilmaganlarimizni o‘rgandik. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga juda katta imkoniyat va sharoitlar bor ekan. O‘zimizni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldik, – deydi Do‘stlik mahallasida istiqomat qiluvchi Nargiza Abdullayeva.
Samimiy muloqot tarzida o‘tkazilgan tadbirda aholi vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbiri