Bunday cheklovni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil" iqtisodiyot yili"da amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi doirasida ekologik holatni yaxshilash, yer uchastkalaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
2025 yil 5 mayda kuchga kirgan “Yer uchastkalaridan foydalanish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.
– Mamlakatimizda ekologik barqarorlikka erishish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev. – “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, uning oqibatlarini yumshatish hamda aholining yashash sifatini yaxshilash, iqtisodiy o‘sishning yangi “yashil rivojlanish” modeliga o‘tishga e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda yurtimizning 14 hududida ekologik toza hudud rejimi joriy qilinayotir. O‘rmon bilan qoplangan maydonlarni 6,1 million gektarga, Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlarni 2,1 million gektarga yetkazish hamda biologik xilma-xillik ishonchli saqlanishini ta’minlash yuzasidan 2 million gektar hajmda tabiiy yaylovlar yaratish ko‘zda tutilgan.
2027 yil 1 yanvardan boshlab yer resurslarini muhofaza qilish, tuproqning unumdor qatlami yo‘qolib ketishining oldini olish maqsadida qishloq xo‘jaligi sohasida tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar, o‘rmon hamda suv fondi yerlarida tuproq karerlari faoliyati taqiqlanadi.
Aytib o‘tish kerakki, yer va shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etish, shaharsozlik reglamentlari talablarini ta’minlash, yerdan foydalanuvchilarning, ijarachilarning, yer uchastkasi mulkdorlarining yerdan foydalanish tartibidan xabardorligini oshirish maqsadida yerdan ruxsat etilgan hollarda foydalanish turlarini aniqlashtirish zaruriyati yuzaga kelgan edi.
Istirohat bog‘lari, xiyobonlar, sayilgohlar hududlarining hamda ularda ekilgan daraxtlarning muhofaza qilinishini kuchaytirish zarurligi, mavjud yerlarda bino va inshootlar qurilishining oldini olish chorlarini kuchaytirishni talab etdi.
Xabaringiz bor, qonunchilikda yer uchastkalaridan foydalanish huquqlarining kafolatlari, erkinligining ruxsat etilgan chegaralari shaharsozlik faoliyatini tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari bilan belgilanadi. Ular har bir hududiy zona uchun belgilangan shaharsozlik reglamentlarida ifodalanadi.
Reglamentlar talablariga rioya qilish yer uchastkasidan qonuniy foydalanish va unda joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlarini qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun zarur shartdir.
Biroq amaldagi qonunchilikda «yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanish turi» degan tushunchaning ta’rifi mavjud emas edi hamda uning mazmuni ochiqlanmagan.
Yer uchastkasi, hatto eng foydali joyda joylashgan bo‘lsada, lekin qurilish imkoniyati bo‘lmasa, likvidli bo‘lmagan aktivga aylanadi, o‘zining iqtisodiy qiymatini yo‘qotadi. Shunga qaramasdan ko‘plab sarmoyadorlar yer uchastkasini sotib olgandan keyin, unda qurilish qilish mumkin emasligi yoki sezilarli darajada qiyin ekanligini aniqlashadi.
Bunday vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, yer uchastkasini sotib olish yoki investitsiya loyihasini amalga oshirishni boshlashdan oldin yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanish turlari haqida aniq tushunchaga yoki tasavvurga ega bo‘lish kerak.
Shu kabi holatlarni tartibga solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarini joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
So‘nggi yillarda davlat mulki hisoblangan umumiy foydalanishdagi bog‘lar, sayilgoh, xiyobonlar, daraxtzorlar, umuman olganda, madaniy hordiq maskanlari hududida bino va inshootlarni qurish holatlari ko‘paydi. Oqibatda ko‘p yillik daraxtlar kesilib, atrof-muhitning ifloslanishiga sabab bo‘ldi. Bu esa aholining haqli e’tirozini keltirib chiqardi.
Istirohat bog‘larning yerlarini mahalliy hokimiyat zaxirasiga olish, keyinchalik begonalashtirish amaliyoti kengayib, yangidan qayta-qayta kadastr hujjatini tuzish orqali bog‘lar hududi qisqarib ketayotgani ham kuzatilmoqda.
Bunday holatlarga bugungi kunda madaniy hordiq maskanlaridagi yer maydonlarining qonunda huquqiy himoyasi yetarli darajada mustahkamlanmaganligi, bino-inshoot qurilishini taqiqlovchi qat’iy normalar mavjud emasligi sabab bo‘lmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, qonun bilan amaldagi 4 kodeks va 7 qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, Jinoyat, Shaharsozlik, Ma’muriy javobgarlik va Yer kodekslariga, shuningdek “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”, “Davlat yer kadastri to‘g‘risida”, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”, “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”, “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Mazkur qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari joriy etilishini, aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida dam olish uchun foydalaniladigan yerlarni xususiylashtirish yoki begonalashtirish, hududni qisqartirish, mazkur hududlarda bino va inshootlar qurishni taqiqlash, ushbu cheklovlarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi normalar kiritildi.
Botanika bog‘larini xususiylashtirish, ularning hududlarida qurilishni amalga oshirish taqiqlangan holda botanika bog‘larining muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Yer kodeksi alohida bob bilan to‘ldirilib, yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish tizimini joriy etish, ularni belgilash va o‘zgartirish tartiblari belgilandi.
Qonun yer resurslaridan oqilona foydalanish, boshqarish samaradorligini oshirish, yer fondining barcha toifalaridagi yer uchastkalarini bozor va kadastr baholash sifatini yaxshilashga zamin yaratdi.
Yer va shaharsozlik qonunchiligi o‘rtasidagi munosabatlarni ta’minlash, shuningdek ulardan foydalanish maqsadi ustidan nazorat qilish samaradorligi kuchaytirildi.
Endilikda yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar, yer mulkdorlarining yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari bo‘yicha xabardorligi oshiriladi.
Davlat yer va shaharsozlik kadastrlarini yuritish tartibi takomillashdi. Endilikda yer uchastkalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat samaradorligi oshadi.
Aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish uchun dam olish uchun foydalaniladigan yerlar hamda yashil hududlar yanada ishonchli muhofaza qilinadi.
Madaniy hordiq maskanlari hududlarini saqlab qolish uchun mustahkam huquqiy asos yaratildi. Sayilgoh, xiyobon, bog‘lar hududi, ularda ekilgan daraxtlar muhofazasi kuchaytirildi. Bino va inshootlar qurilishining oldi olinadi.
Botanika bog‘larini, uning yerlarini begonalashtirish, hududida bino-inshootlar qurish yoki qurilish osti maydonlarini kengaytirish taqiqlandi.
Qonun ekologiya va atrof - muhitning yaxshilanishiga hamda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA