Aholini röyxatga oliş yakunlari: Özbekistonning doimiy aholisi soni 39 million 47 ming nafardan oşdi
Milliy statistika qömitasida Özbekistonda ötkazilgan aholi va qişloq xöjaligini röyxatga olişning yakuniy natijalari hamda ulardan milliy hisoblar va iqtisodiy körsatkiçlarni şakllantirişda foydalaniş masalalariga bağişlangan matbuot anjumani bölib ötdi.
Tadbirda qayd etilganidek, aholini röyxatga oliş mamlakat aholisining demografik xususiyatlari, ijtimoiy-iqtisodiy holati va turmuş tarzi haqida işonçli hamda keng qamrovli maʼlumotlarni şakllantiradi. Aholining taʼlim darajasi, oilaviy holati, milliy va til tarkibi kabi qator körsatkiçlarni töliq va tizimli ravişda aynan yalpi röyxatga oliş orqali oliş mumkin.
[gallery-32505]
Aholini röyxatga oliş jarayonida “özini özi belgilaş tamoyili”ga amal qilinadi. Xalqaro amaliyotga muvofiq, maʼlumotlar tasdiqlovçi hujjatlar talab etilmagan holda, respondentlarning özlari taqdim etgan javoblar asosida qayd etiladi. Bunda fuqaroligi, doimiy röyxatdan ötganligi, turar joyga egaligi yoki muayyan yaşaş joyiga ega emasligidan qatʼi nazar, röyxatga oliş mezonlariga javob beruvçi aholi qamrab olinadi.
Şu bois röyxatga oliş natijalaridagi ayrim körsatkiçlar maʼmuriy maʼlumotlardan farq qilişi mumkin. Bu maʼlumotlarni şakllantiriş manbalari, qamrovi, hisobga oliş sanasi va qöllanilgan usullarning öziga xosligi bilan izohlanadi. Röyxatga oliş natijalari amaldagi hisoblarni aniqlaştiriş, maʼlumotlar qamrovini kengaytiriş va aholi haqida yanada töliq tasavvur hosil qilişga xizmat qiladi.
Tadbir davomida aholini röyxatga olişning asosiy natijalari xususida maʼlumotlar berildi. Xususan, 2026-yil 15-yanvar holatiga Özbekistonning doimiy aholisi 39 million 47 ming 321 kişini taşkil etdi. Bu 2026-yil 1-yanvar holatiga aholi sonining joriy hisobidan 810,6 ming kişi yoki 2,1 foizga köp. Farq aholi sonini tuğiliş, ölim va migratsiya böyiça maʼmuriy maʼlumotlar asosida yuritilgan joriy hisobni yalpi röyxatga oliş natijalari bilan aniqlaştiriş orqali yuzaga kelgan.
Aholining 50,6 foizini erkaklar, 49,4 foizini ayollar taşkil etdi. Şahar joylarda 21 276,7 ming kişi yoki jami aholining 54,5 foizi, qişloq joylarda esa 17 770,6 ming kişi yoki 45,5 foizi istiqomat qiladi. Mehnatga layoqatli yoşdagilar uluşi 55,7 foizni, mehnatga layoqatli yoşdan kiçiklar 32 foizni va mehnatga layoqatli yoşdan kattalar 12,3 foizni taşkil etdi.
15 yoş va undan katta aholining 90,7 foizi kamida umumiy örta maʼlumotga ega. Şundan, oliy va oliy taʼlimdan keyingi maʼlumotga ega bölganlar — 3 271,1 ming kişi, örta maxsus va kasb-hunar maʼlumotiga ega bölganlar — 9 737,2 ming kişi, umumiy örta maʼlumotga ega bölganlar esa 11 626,5 ming kişini taşkil etdi.
Özbekistonda ilk bor ötkazilgan yalpi qişloq xöjaligini röyxatga oliş yakunlariga köra, 7,6 million qişloq xöjaligiga oid hisobga oliş birligi qayd etildi. 2025-yilda ularning foydalanişidagi umumiy yer maydoni 42,5 million gektarni, bir yillik ekinlar ekilgan maydon 4 213,5 ming gektarni, mevali boğlar va tokzorlar maydoni esa 613 ming gektarni taşkil etdi. 2026-yil 15-yanvar holatiga yirik şoxli qoramollar 12 235,4 ming boş, qöy va eçkilar 23 091,7 ming boş, parrandalar 120 898,7 ming boşni taşkil etdi. Yangilangan maʼlumotlar yer va ekin maydonlari, çorvaçilik, örmon va baliqçilik faoliyatini töliqroq baholaş imkonini berdi.
Taʼkidlanganidek, Milliy statistika qömitasi aholi va qişloq xöjaligini röyxatga oliş natijalari, korxona va taşkilotlar böyiça yangilangan yillik hisobotlar hamda takomillaştirilgan statistik kuzatuvlar asosida 2017–2025-yillar uçun yalpi içki mahsulotning yillik va çoraklik körsatkiçlarini qayta hisobladi. Hisob-kitoblar BMTning Milliy hisoblar tizimi standartlari va xalqaro ekspertlar tavsiyalari asosida amalga oşirildi.
Qayta hisoblaşdan maqsad iqtisodiy faoliyatni töliqroq qamrab oliş, yangi maʼlumotlarni milliy hisoblarga kiritiş va yillar böyiça körsatkiçlarning taqqoslanuvçanligini taʼminlaşdan iborat. Şu bois yangilangan natijalar bir yilda qöşimça aholi, uy-joy yoki mahsulot paydo bölganini emas, avvalgi baholarning yangi va batafsil maʼlumotlar asosida aniqlaştirilganini anglatadi.
Gulnoza Boboyeva,
Nosirjon Haydarov (surat),
ÖzA