Aholiga yana bir qulaylik
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayrami arafasida Buloqboshi tumanidagi Shohguzar mahallasida yangi yopiq suzish basseyni foydalanishga topshirildi.
Keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ob’ekt ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan Buloqboshi tumani hokimi Furqatbek Bo‘taxonov barchani mustaqillik bayrami bilan muborakbod etdi. Mamlakatimizda aholining turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, xususan, xalqaro andozalar darajasida qurilgan mazkur yopiq suv havzasi tuman aholisining sog‘lig‘ini tiklash, sportning suzish turi bilan shug‘ullanish imkonini berishini alohida ta’kidladi.
[gallery-19053]
Tadbirkor Avazbek Odiljonov tomonidan barpo etilgan 11×25 metr hajmdagi mazkur basseyn sanitariya-gigiyena talablariga mos, shug‘ullanuvchilar uchun yechinish-kiyinish, issiq bug‘ xonalari, ikkita kichik cho‘milish havzasi, salqin ichimliklar sotiladigan bar mavjud, shug‘ullanuvchilar uchun zarur barcha shart-sharoit yaratilgan.
Yopiq suzish basseyniga shug‘ullanuvchilar uchun maxsus kiyimlar olib kelingan, shuningdek, 2 nafar erkak va 1 nafar ayol murabbiy faoliyat olib boradi.
Aholiga yana bir qulaylik yaratadigan ushbu basseyn tuman aholisi uchun bayram sovg‘asi bo‘ldi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari