Navoiyga Xitoy davlatidan yana 42 ta avtobus keltirildi va 60 taga yetdi. Ular aniq yo‘nalishlar bo‘ylab harakatlana boshladi.
So‘nggi yillarda yurtimizda aholiga avtotransport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash, jamoat transporti yo‘nalishlari tarmog‘ini kengaytirish va harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtobuslar bilan yangilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini bajarmoqda.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida dastlab mart oyida Navoiy shahriga “O‘zmilliybank” AJ Navoiy viloyat Bosh boshqarmasi hamda tashabbuskorlar bilan birgalikda Xitoy davlat Taraqqiyot banki xorijiy kredit liniyasi mablag‘lari hisobidan 18 ta avtobus keltirilgan edi.
Endilikda barcha avtobuslar belgilab berilgan yo‘nalishlar bo‘yicha Karmana tuman markazi hamda Navoiy shahri bo‘ylab harakatlanadi.
[gallery-23931]
Avtobuslarning belgilangan tartibda muntazam harakatlanishini nazorat qilish maqsadida viloyat Transport boshqarmasida avtomatlashtirilgan dispetcherlik markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbiri