Surxondaryo viloyatida “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlarining psixolog va yuridik xizmati xodimlari aholiga sayyor mobil xizmati ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi tashkil etgan ilk sayyor mobil xizmat “Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qilishi kerak!” shiori ostida Jarqo‘rg‘on tumanidan boshladi.
Shu kuni Termiz shahri va oltita tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazi psixologlari va huquqshunoslari tumandagi Qorayantoq, Uzumzor mahallalari aholisi huzurida bo‘lib, ularga bepul xizmat ko‘rsatdi.
–Bugun tumanimizda mobil psixologik va yuridik xizmat ko‘rsatish tashkil etildi, –deydi Qorayantoq mahallasidan Feruza Qo‘yliyeva. –Bunda qatnashganimdan xursandman. Anchadan buyon yig‘ilib qolgan savollarim javobsiz qolgan edi. Psixolog va yuristlar bilan suhbatlashdim. Hayotda duch kelayotgan muammolarimni aytib, savollarimga aniq javob oldim. Buning uchun Prezidentimizga va aholiga xizmat ko‘rsatayotgan xodimlarga katta rahmat aytaman.
[gallery-17733]
Aholining kam ta’minlangan, ishsiz, jismoniy imkoniyati cheklangan qatlami tegishli yordam va xizmatlarga ko‘proq ehtiyoj sezadi. Mamlakatimizda yangi tashkil etilgan ijtimoiy tuzilma mahallalardagi shu toifaga kiruvchi aholi vakillarining sog‘ligini tiklash, ijtimoiy kayfiyatini yaxshilash, bandligini ta’minlash, jamiyatga moslashuvida eng yaqin maslahatchi va tayanchiga aylanmoqda. Viloyatda yo‘lga qo‘yilgan sayyor mobil xizmat ham odamlarning uzog‘ini yaqin, mushkulini hal etish yo‘lida tashlangan muhim qadam bo‘ldi.
–Men tushkun kayfiyatga tushib qolgandim, –deydi Uzumzor mahallasilik Nazira Rajabova. –Bizda bunday tadbirlar bo‘lmas edi. Mahallamizdagi ijtimoiy xodim shu yerga taklif qildi. Bundan xursandman. Psixologlar yakka tartibda suhbat o‘tkazib, kayfiyatimni ancha ko‘tardi. Bundan mamnunman.
Tadbir doirasida 180 dan ortiq murojaatchiga bepul psixologik va yuridik xizmat ko‘rsatildi. Tajribali psixologlar stresslarni bartaraf etishga qaratilgan trening mashg‘ulotlari o‘tkazib, emotsional-hissiy zo‘riqishlarning kelib chiqish sabablarini aniqladi. Zo‘riqishlarning darajasini pasaytirish, stresslarni bartaraf etishga qaratilgan suhbat o‘tkazdi. Ish bilan ta’minlash, sog‘liqni saqlash, kredit, uy-joy ta’minoti, kam ta’minlangan oilalar uchun bolalar nafaqasi va boshqa masalalardagi murojaatchilarga markazlarning yuridik xizmatlari xodimlari zarur maslahat va huquqiy ko‘mak berdi. Jarqo‘rg‘on tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazi ehtiyoj sezayotgan nogironlarga qo‘ltiqtayoq va nogironlik aravachasi berdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/UnHeE_LvjMU" title="Aholiga sayyor mobil xizmat koʻrsatish boshlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri