Aholiga qulayliklar yaratilmoqda
Toshkent viloyatida aholini bir maromda tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish yo‘lidagi harakatlar izchil davom etmoqda. Qish mavsumida ayrim hududlardagi gaz ta’minotidagi uzilishlar bartaraf qilinib, odatdagi tartibga o‘tkazilgan.
Bunda iste’molchilarni belgilangan muddatlarda uzluksiz suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, aholi va gaz ta’minoti tashkilotlari o‘rtasidagi anglashilmovchiliklarning oldini olish, zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etgan holda qulayliklar yaratish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, “Hududgazta’minot” AJ Boshqaruv raisining tashabbusi bilan tabiiy gaz ta’minotini raqamlashtirish ishlari davom etmoqda.
Qish mavsumida gaz bosimida muammo kuzatilgan hududlardagi gaz taqsimlash punktlarida avtomatlashtirilgan tizim joriy etilmoqda. Masalan, Qibray tumani “Yangi Arg‘in” MFY Tutzor ko‘chasini tabiiy gaz bilan ta’minlovchi eskirgan gaz taqsimlash punkti o‘rnida avtomatlashtirilgan texnologiyalar orqali masofadan boshqariladigan gaz taqsimlash punkti ishga tushirildi. Ushbu zamonaviy gaz taqsimlash punkti texnologik yo‘qotishlarni sezilarli darajada kamaytirishga va mazkur ko‘chadagi 102 ta xonadonning gaz ta’minotini yaxshilashga yordam beradi.
– Tahlillarga ko‘ra, “Hududgaz Toshkent” GTFga 2025 yil yanvar-mart oylari mobaynida jami 813 ta murojaat kelib tushgan, – deydi Nazorat va murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Bobobekova. – Murojaatlarda asosan ayrim joylarning tabiiy gaz ta’minotida bosim uzilishi, hududlarni gazlashtirish, to‘lovlar, suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha va gaz hisoblash uskunasi o‘rnatish va shu kabi muammolar bayon qilingan. Shundan 748 ta murojaat ko‘rib chiqilib, 561 tasi ijobiy yechim topdi va 187 ta murojaatga huquqiy tushuntirish berildi. Hozirgi kunda 65 ta murojaat o‘rganish jarayonida.
Muhimi, Toshkent viloyati tabiiy gaz iste’molchilari bilan tasdiqlangan jadvallarga asosan tuman-shahar gaz ta’minoti bo‘limlarining o‘tkazayotgan sayyor qabullari, ommaviy uchrashuvlar bu jarayonda mavjud muammolarni ko‘rib chiqishda qo‘l kelmoqda.
A.Musayev, O‘zA