Aholi uy-joylarining energiya samaradorligi oshiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Energiya servis xizmatlari bozorini shakllantirish hamda aholi uy-joylarining energiya samaradorligi oshirilishini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
Aholi uy-joylarini energiya auditidan o‘tkazish, energiya samarador qurilmalarni xarid qilish va o‘rnatishda subsidiya ajratish to‘g‘risidagi nizom;
Energiya auditorlarini sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Energiya servis xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
“Yashil ta’mir” krediti bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari va boshqa energiya samarador uskunalarning savdolarini o‘tkazish, shartnomalarni tuzish, yetkazib berish hamda o‘rnatish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Tijorat banklari tomonidan to‘qimachilik sanoati korxonalarining o‘z ehtiyojlari uchun quyosh panellarini xarid qilish va o‘rnatishga ajratiladigan kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini kompensatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
2025 yil noyabr oyidan boshlab Agentlikning Energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasi orqali aholiga energiya samarador texnologiyalar hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilishda subsidiyalar ajratish tizimi joriy qilinadi. Bunda:
Energetika vazirligi va Bojxona qo‘mitasining qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o‘rnatilgan ob’ektlar bo‘yicha “Yashil energiya” tizimiga;
yetkazib berilgan elektr energiyasi hajmlari bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “ASKUE” dasturiga; yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmlari bo‘yicha “Hududgazta’minot” AJning “ASKUG” dasturiga;
yetkazib berilgan issiqlik energiyasi bo‘yicha “Issiqlikta’minoti” AJning “Billing” tizimiga;
energiya samarador qurilma va uskunalarning muvofiqlik sertifikati mavjudligi bo‘yicha O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimiga;
kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlari bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining “UZKAD” axborot tizimiga “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali integratsiya qilinishi yo‘lga qo‘yiladi.
Bir oy muddatda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Sohaviy qurilish-pudrat va loyiha-qidiruv tashkilotlari reytingi” platformasida qurilish-pudrat va loyiha-qidiruv tashkilotlarini energiya samaradorligi yo‘nalishida baholash amaliyoti joriy qilinadi.
2025 yil noyabrdan boshlab aholiga tijorat banklari orqali ajratiladigan “yashil ta’mir” krediti hamda Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 29 sentyabrdagi 517-son qarori bilan tasdiqlangan “Yashil” iste’mol krediti bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizomda nazarda tutilgan “yashil” iste’mol krediti bo‘yicha energiya samarador qurilma va uskunalarni (geliokollektor, quyosh panellari, issiqlik nasoslari, qurilish izolyatsiya materiallari, energiya samarador gaz yondirgichli qozonlar va boshqalar) xarid qilish va o‘rnatish uchun kompensatsiya berish hamda aholi uy-joylarini energiya auditidan o‘tkazish xarajatlarini qoplash uchun subsidiyalar ajratish faqat Agentlik tomonidan ajratiladi.
O‘zA