Aholi uchun yana bir qulaylik
Gaz ta’minoti tizimida aholiga qulaylik yaratish hamda turli ovoragarchiliklarning oldini olish uchun imkoniyatlar yaratilmoqda. Tabiiy gaz iste’molchilari bugun to‘lovni mobil ilovalar orqali to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotiga oid murojaatlarni tezkorlik bilan bartaraf etish, fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Telegram bot ishga tushirilgan. Mazkur bot orqali tabiiy gaz iste’molchilari o‘z xonadonidagi gaz sarfi ko‘rsatkichlari va oylik hisob-kitoblarni kuzatib borishlari, to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin.
Suyultirilgan gaz iste’molchilari uchun yana bir qulaylik – “Gaz to‘ldirish inshooti – iste’molchi” tamoyili yo‘lga qo‘yilgan. Bunda yangi iste’molchi gaz balloni olish uchun gaz to‘ldirish shoxobchasiga kelib, xodimga holat haqida bildiradi. Mutaxassis tomonidan esa batafsil ma’lumotlar beriladi. Ya’ni uning arizasiga ko‘ra xonadon xodimlar tomonidan o‘rganiladi, qo‘yilgan talablarga javob bersa, maishiy gaz balloni ajratib beriladi. To‘lovlarning onlayn amalga oshirilishi uchun esa maxsus karta bilan ta’minlanadi.



Tizimdagi bu yangilik iste’molchi va ta’minotchiga qulaylik yaratish bo‘lib, aynan sohadagi har qanday muammolar ham hal etilishiga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri