Aholi salomatligi yo‘lida amaliy ishlar davom etmoqda
Bugungi kunda mamlakatimizda aholi farovonligini oshirish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan ilgari surilgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar esa alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur dastur doirasida joylarda aholining muammolarini o‘rganish, ularning turmush darajasini yaxshilash hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Salomatlik sari” va “Umid” aksiyalari aholi salomatligini mustahkamlash, ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda muhim o‘rin tutmoqda.

Navoiy viloyatining chekka hududlaridan biri – Xatirchi tumani Zarafshon mahallasida o‘tkazilgan tibbiy aksiya buning yaqqol misolidir. Viloyat sog‘liqni saqlash muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda malakali shifokorlar tomonidan 300 nafardan ortiq aholi chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kasallik aniqlangan fuqarolarga davolanish uchun yo‘llanmalar berildi, dispanser hisobida turgan bemorlar esa bepul dori-darmonlar bilan ta’minlandi.
Og‘ir ahvoldagi bemorlar holidan xonadonlariga borib xabar olindi, ularga tibbiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilib, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

– Bugungi tashkil etilgan tibbiy ko‘rikdan juda mamnun bo‘ldim, – deydi Salomat Vafoyeva. – Biz uchun bunday imkoniyat yaratilgani, ayniqsa, chekka hududda yashovchi aholi uchun juda katta qulaylik. Malakali shifokorlar tomonidan sog‘lig‘imiz to‘liq tekshirildi, kerakli tavsiyalar berildi. Shuningdek, uyida og‘ir yotgan bemorlar holidan xabar olinib, ularga ko‘mak ko‘rsatilgani ham juda yaxshi tashabbus bo‘ldi. Bu esa insonga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin namunasi, deb o‘ylayman.
Tadbir davomida deputatlar tomonidan fuqarolarning muammolari tinglanib, ularni joyida hal etishga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa davlat organlari va xalq o‘rtasidagi ochiq muloqotni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

“Xalq bilan birga” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotganining, aholiga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin ifodasidir. Bu kabi tashabbuslar xalq farovonligi yo‘lida muhim qadam bo‘lib, kelgusida ham izchil davom ettiriladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA