“Aholi salomatligi oyligi” davom etmoqda
Sirdaryo viloyatidagi manzil- koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar uchun “Aholi salomatligi oyligi” doirasida tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Shartnoma asosida ijtimoiy foydali mehnatga jalb etilgan mahkumlar Guliston shahridagi Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika shifokorlari tomonidan to‘liq profilaktik ko‘rikdan o‘tkazildi. Tekshiruv natijalariga asosan har bir mahkumga individual tibbiy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, koloniyada mahkumlarning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda tarbiyaviy ishlar bo‘linmasi katta inspektor-ijtimoiy xodimi tomonidan muassasada olib borilayotgan tarbiyaviy ishlar, mahkumlarning huquq va majburiyatlari haqida keng ma’lumotlar taqdim etildi.
Muloqot davomida mahkumlarning qarindoshlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha va tushunarli javoblar olishdi.
Bunday tadbirlar mahkumlarning jismoniy va ma’naviy holatini yaxshilash, sog‘lig‘ini nazorat qilish, shuningdek, oilaviy aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri