Aholi muammolariga yechim izlandi
Sayxunobod tumanining Ittifoq mahallasida tuman Kengashi deputati, tuman hokimi Komiljon Mullajanov ishtirokida saylovchilar bilan navbatdagi ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda fuqarolardan kelib tushgan 37 ta murojaat ko‘rib chiqilib, ularning 11 tasi shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. Qolgan murojaatlar bo‘yicha tegishli tashkilotlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
36-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan uchrashuvda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholini qiynayotgan muammolarni bevosita eshitish, ularni joyida o‘rganish va tezkor yechim topishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv davomida fuqarolar uy-joy ta’minoti, ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘l infratuzilmasi, bandlik, ijtimoiy himoya, kommunal xizmatlar sifati hamda boshqa dolzarb masalalar yuzasidan murojaat va takliflarini bildirdi. Har bir murojaat mas’ullar ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, ularning yechimi bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Ayniqsa, 11 ta murojaatning shu joyning o‘zida hal etilgani aholi muammolariga tezkor va amaliy yondashuvning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Qolgan murojaatlar bo‘yicha ham mas’ullarga ijro muddatlari belgilanib, ularning bajarilishi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatildi.

— Biz bu kabi ochiq muloqotlarni shunchaki rasmiyatchilik uchun emas, aholining dardu tashvishlarini eshitish, ularni qiynayotgan muammolarni joyida o‘rganish, har bir murojaatga yechim topish va fuqarolarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida tashkil etyapmiz. Har bir murojaat e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Chunki har bir masala ortida inson manfaati va taqdiri mujassam. Muammoni eshitishning o‘zi kifoya emas, unga amaliy yechim topish va natijaga erishish barchamizning eng muhim vazifamizdir, — dedi tuman hokimi Komiljon Mullajonov.

Ta’kidlanganidek, aholi bilan ochiq va samimiy muloqot qilish, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda har bir masalaga qonuniy va adolatli yechim topish davlat organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Zero, har bir murojaat ortida inson taqdiri, oila manfaati va ertangi kunga bo‘lgan ishonch mujassam.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri