Aholi muammolari mahallabay o‘rganilmoqda
Buxoro shahar Xalq qabulxonasi tomonidan hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar, davlat organlari va boshqa mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda aholi muammolarini mahallabay o‘rganish tizimi asosida ishlar amalga oshirilmoqda.
Shaharda 65 ta mahalla, 50 ming 878 ta yakka tartibdagi xonadonlar, 1 ming 20 ta ko‘p qavatli uylar mavjud. 60 ming 869 ta xonadonlarda 280 ming 800 nafar aholi istiqomat qiladi.
O‘rganishlarda aksariyat hududlarda aholi tomonidan issiq suv va isitish tizimi tarmoqlarining ta’mirtalab holga kelib qolganligi hamda isitish tizimi me’yor darajasida emasligi qayd etildi. Hududlarda gaz bosimi pastligi, elektr energiyasidagi uzilishlar, ko‘chalarda tungi chiroqlar o‘rnatish, ichki yo‘llarni ta’minlash, bandlik va tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishda kredit mablag‘lari ajratishga amaliy yordam so‘rab murojaatlar qilindi.

Bildirilgan muammolar ishchi guruhi a’zolari tomonidan to‘liq rasmiylashtirilib, tegishliligi bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga yo‘naltirildi.
– O‘rganishlar davomida 2 ming 230 ta muammolar aniqlangan, – deydi Buxoro shahar Xalq qabulxonasi mutaxassisi Laziz Eshov. – Shundan 282 ta muammoli masalalar mas’ullar tomonidan joyida hal qilingan. Natijada shahardagi "M.Tarobiy" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 1,2 km ichki yo‘llarga shag‘al yotqizildi. Ichimlik suvi quvuri yotqizish rejalashtirildi.

Shuningdek, Buxoro shahar "Losha" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida aholi muammolari o‘rganilib, elektr ta’minoti tizimidagi kamchiliklar bartaraf etildi. Hududga yangi transformator o‘rnatilib, ishga tushirildi. Qolaversa, hududda bolalar maydonchasi mavjud emasligi aniqlandi. Mutasaddi tashkilot mas’ul hodimlariga vazifalar yuklatildi. Hududlarda ikki kilometr yo‘l asfaltlashtirilib, umumiy uzunligi 1,6 km tashkil qiluvchi og‘ir ahvoldagi ichki yo‘llarga shag‘al yotqizildi.

Hozirda shahar miqyosida 65 ta ishchi guruhi barcha mahallalarga jalb etilgan. Guruhlar belgilangan tizim asosida mahallabay aholi muammolarini o‘rganish tadbirlarini davom ettirmoqda
Zarif KOMILOV, O‘zA