Aholi kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlanadi
Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan yil davomida barqaror ta’minlash bugungi kunda dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda “Aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–108-son, 2026-yil 25-mart) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-2027-yillarda respublikada issiqxonalar faoliyatini kengaytirish va samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona majmualarini barpo etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va muqobil energiya manbalaridan foydalanish ulushini kamida 50 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Atmosfera havosiga zararli ta’sir ko‘rsatayotgan faoliyatlarni bosqichma-bosqich qisqartirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash ham muhim yo‘nalish sifatida belgilangan.
Qaror asosida Sherobod tumanida “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi. Ushbu zona doirasida issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator imtiyoz va preferensiyalar taqdim etiladi. Jumladan, yer uchastkalari tadbirkorlarga elektron onlayn auksion orqali ijaraga berilganda 5 yil davomida ijara to‘lovining nol stavkasi qo‘llaniladi, issiqxonalarni sug‘orish va texnologik jarayonlar uchun ishlatiladigan oqova va yerosti suvlari uchun to‘lovlardan 3 yil muddatga ozod etiladi.
Shu bilan birga, anomal sovuq ob-havo sharoitlarida istisno tariqasida, belgilangan ekologik talablarga rioya etgan holda ko‘mir yoqishga ruxsat beriladi.
Ushbu chora-tadbirlar nafaqat aholini kuz-qish mavsumida uzluksiz va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, balki qishloq xo‘jaligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va tarmoqning barqaror rivojini ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Rahmonova,
O‘zA