Aholi farovonligi asosiy maqsaddir
Toshkent viloyatining Qibray tumanida “O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar: yutuqlar va istiqboldagi rejalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Toshkent viloyatining Qibray tumanida “O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar: yutuqlar va istiqboldagi rejalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tuman kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda partiya boshlang‘ich tashkilotlari rahbarlari, mahalla faollari, uyushmagan yoshlar, yosh tadbirkorlar ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2017-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati va unda belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan davra suhbatida milliy istiqlol xalqimizning tinch-osoyishta va farovon hayotini ta’minlash, O‘zbekistonimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va ularning hayotimizni yuksaltirishdagi ahamiyati turli sohalarda erishilgan yutuqlar misolida tahlil qilindi.
– Birgina iqtisodiy sohada olib borilgan islohotlar natijasida so‘nggi yillarda aholining real daromadlari 11 barobar oshgan bo‘lsa, 2016-yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 56,9 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hissasiga to‘g‘ri keldi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati M.Xo‘jayeva. – Hozirgi kunda ish bilan band aholining 78 foizi ushbu tarmoqda mehnat qilmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda yanada qulay ishbilarmonlik muhiti yaratishga qaratilayotgan doimiy e’tibor, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning huquqiy asoslari yildan-yilga mustahkamlanib borayotganidan dalolat.