Aholi daromadini oshirish – muhim vazifa
Xalqimiz azal-azaldan yerga mehr berib, dehqonchilik bilan mashgʻul boʻlgan
Joriy yilning 8-aprelida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi chora-tadbirlar samaradorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va daromadini oshirish muhim manbai boʻlgan tomorqachilikni rivojlantirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida barcha soha vakillariga bugungi kunda amalga oshirilishi lozim boʻlgan muhim vazifalar belgilandi.
Darhaqiqat, yurtimizda koronavirus kirib kelishi bilan Prezidentimiz rahbarligida zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi va bu borada qator farmon hamda qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, maxsus respublika maxsus komissiyasi tuzilib, barcha hududlarda aholi sogʻligʻini himoya qilish, karantin rejimini joriy etish va fuqarolarning sanitariya-gigiyena qoidalarga amal qilishi va aholini oziq-ovqat bilan taʼminlash hamda bozorlarda narx-navoni nazorat qilish boʻyicha ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Koronavirus pandemiyasi sababli butun dunyo davlatlari, hattoki iqtisodiy jihatdan rivojlangan yirik mamlakatlarda ham bir qancha muammolar, jumladan, oziq-ovqat tanqisligi, narx-navoning oshishi kuzatilmoqda. Hukumatimiz tomonidan mana shunday ogʻir davrda yurtimizda aholini oziq-ovqat mahsulotlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga har bir fuqaro oʻz hissasini qoʻshishi zarur. Buning uchun uyimizda bekor oʻtirmay, tomorqalarimizni qarovsiz qoldirmasdan, meva va poliz ekinlarini ekib, oʻzimizning qoʻshimcha daromadlarimizni koʻpaytirishimiz lozim. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, hozirgi sinovli davrda tomorqa yerlariga ekin ekmaslik, qarovsiz tashlab qoʻyish yurtga va yerga nisbatan xiyonat deb baholanishi kerak. Mazkur videoselektor yigʻilishda davlatimiz rahbari mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ichki ehtiyojni toʻliq qondirish, aholi daromadi va farovonligini oshirish uchun katta rezerv va imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.
Xalqimiz azal-azaldan yerga mehr berib, dehqonchilik bilan mashgʻul boʻlgan. Yurtimizga bahor kirib kelishi bilan yurtdoshlarimiz oʻz tomorqalaridan unumli foydalanish maqsadida allaqachon ekin ekish ishlarini boshlab yubordi. Shunga qaramasdan, qiyinchiliklar davrida ham hukumatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyat va imtiyozlarga qaramasdan, tomorqasidan foydalanilmayotgan xonadonlar ham yoʻq emas. Yigʻilishda Prezidentimiz bunga alohida eʼtibor qaratib, tomorqadan samarali foydalanmayotgan xonadon egalari rasman ogohlantirilishi, undan keyin ham ekin ekmaganlarga yer soligʻi oshirilgan stavkada qoʻllanilishini maʼlum qildi. Mutasaddilarga xonadonlar bilan birma-bir ishlab, tomorqa maydonlariga bozorbop ekinlar ekishi uchun sharoit yaratish va uni nazorat qilib borish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shunday ekan, tomorqachilikni rivojlantirish va shu orqali aholi turmush darajasini yaxshilash yuzasidan partiya vakillari va deputatlarimiz ham aholi oʻrtasida faol targʻibot ishlarini olib borish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Zero, aholi turmush tarzi va darajasini, yashash qulayliklarini oshirish partiyamizning ijtimoiy sohada olib borayotgan faoliyatining asosiy maqsadlaridan hisoblanadi.
Mana shunday sinovli davrda barchamiz birlashib, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilayotgan vazifalarni mutasaddilar va shifokorlarimizning tavsiyalariga qatʼiy amal qilgan holda ahillik bilan bajarsak, koʻzlagan maqsadimizga albatta yetamiz. Bu ogʻir kunlar ham tez orada ortda qoladi…
Tajibay ROMANOV,
OʻzMTDP Qoraqalpogʻiston Respublikasi
Kengashi raisi.