Aholi daromad topishiga ko‘maklashyapmiz
Soliqchi – ko‘makchi
Mahalladagi asosiy vazifam – hududdagi norasmiy tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish, o‘zini-o‘zi band qilganlarga kichik biznes toifasiga o‘tishga ko‘maklashish hamda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash orqali ularning faoliyatini kengaytirish va daromadlarini oshirish, shuning hisobidan soliq bazasini ko‘paytirishdir. Shunga muvofiq, faoliyatimni dastlab xatlovdan boshladim. Raqamlar bilan aytadigan bo‘lsam, ushbu hududda jami 1 142 nafar mol-mulk solig‘i to‘lovchisi, 80 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti, 280 nafar o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro istiqomat qiladi.
O‘tgan vaqt mobaynida “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida ish olib borib, hududimizda 60 nafar fuqaroning o‘z xonadonida turli xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida norasmiy daromad topayotganini aniqladik.
Ushbu fuqarolarga rasmiy daromad topishning afzalliklarini tushuntirib, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida rasmiy daromad topishga o‘tishlariga ko‘maklashdim. Xuddi shunday tushuntirishlar orqali norasmiy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan 9 nafar fuqaro ham yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, faoliyatini qonuniylashtirdi.
Aniq raqamlar bilan aytadigan bo‘lsam, joriy yilning yanvar oyida ko‘rsatkich reja ijrosini 97,3 foizga bajardim.
O‘ylaymanki, kelgusidagi ko‘rsatkichlarim yanayam yuqori bo‘ladi. Sababi yangicha yondashuvlar asosida mahallamizdagi imkoniyatlarni ishga solib, mahalla ahli bilan hamkorlikda hududimizda tadbirkorlarning sonini orttirishga erishyapmiz.
Lekin qiladigan ishimiz ko‘p. Negaki, hali ko‘plab o‘zini o‘zi band qilganlarga kichik biznes toifasiga o‘tishiga ko‘maklashish hamda past quvvatda ishlayotgan va faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan sub’ektlarga faoliyatini tiklash va kengaytirishga yaqindan yordam berib, soliq bazasini yanada kengaytirishimiz kerak.
Oybek Sultonov,
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi
“Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘ini soliq inspektori.
O‘zA