Qaysidir sabablarga ko‘ra yashash joying, xonadoning hujjatlari mukammal bo‘lmasa yoki sen tadbirkorlik qilayotgan binoning kadastr hujjatlari chala bo‘lsa, halovating bo‘lmaydi. Axir, qachon bo‘lmasin, hujjatlar “gapiradi-da”. Yurtimizda esa bunday muammoga duch kelganlar talaygina.
Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida Davlat kadastrlari palatasi raisining birinchi o‘rinbosari ishtirokida sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.
Sayyor qabul davomida kadastr faoliyatiga tegishli masalalar bilan murojaat qilgan fuqarolar qabul qilinib, ko‘tarilgan masalalarni hal qilishga yaqindan yordam berildi. Muddat talab qiladigan masalalar tegishli mutaxassislar ishtirokida joyida o‘rganishga chiqarildi.
Buvayda tumanidan Jasur Mahkamov kadastr pasportini rasmiylashtirib, Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda muammoga uchrab, ancha vaqtdan buyon ovora bo‘layotganini bayon etdi. Murojaat mutasaddilar nazoratiga olinib, unga shu joyning o‘zida ijobiy yechim topildi.
– Kadastr masalalari bo‘yicha sayyor qabul bo‘layotganini eshitib kelgandim. Kadastr idorasi vakillariga rahmat aytaman. Meni qiynab kelayotgan masala shu joyning o‘zida hal bo‘ldi, – deydi murojaatchi Jasur Mahkamov.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur qabul davomida 30 dan ortiq murojaat kelib tushdi. 13 dan ortiq murojaat o‘z yechimini topgan bo‘lsa, 17 tasining ijrosi nazoratga olindi.
M.Sulaymonov,
O‘zA