Aholi bandligini ta’minlashda manzilli mexanizm
“Ishga marhamat” monomarkazida yaratilgan sharoit va mavjud o‘quv kurslari faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Navoiy shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislari va ijtimoiy xodimlar uchun amaliy seminar tashkil etildi.
Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida his etishini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, ularning bandligini ta’minlash maqsadida ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida subsidiya ajratilmoqda.
– Bugungi kunda mahallalarda istiqomat qiluvchi nogironligi bor va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga markazda bepul kasb-hunar o‘rgatiladi, – deydi Navoiy shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bosh mutaxassisi Dildora Mo‘minova. – Bugun ijtimoiy xizmatlar markazi va mahallalardagi xodimlarimiz monomarkazga kelib, o‘quv kurslari jarayonlari bilan tanishdi. Har bir ijtimoiy xodim o‘ziga biriktirilgan mahalla yoki hududlaridagi nogironligi bor va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan fuqarolarnining ro‘yxatini shakllantirgan holda ularning mana shu monomarkazda bepul o‘qishini ta’minlaydi.
Navoiy shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tashabbusi bilan shahar hokimligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi hamda “Ishga marhamat” monomarkazi o‘rtasida nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga manzilli yordam ko‘rsatish va ularni kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash maqsadida memorandum imzolangan.
[gallery-14741]
– Men Hayot va Yangiariq mahallalariga xizmat ko‘rsataman, – deydi ijtimoy xodim Dilafro‘z Boliyeva. – Ish faoliyatimiz jarayonida ijtimoiy yordamga muhtoj aholi vakillarini xatlovdan o‘tkazdik. Xatlov jarayonida kasb-hunar egallashga qiziqishi bor fuqarolar ro‘yxatini shakllantirib, shahrimizdagi monomarkazga yo‘naltirayapmiz. Bugun monomarkazga kelib, kurslar faoliyati bilan tanishdik. Ayollarimiz uchun stilist, tikuvchilik, to‘quvchilik, nogironligi bo‘lgan yigitlarimiz uchun payvandlash, alohida o‘tirib ishlash uchun santexnik, elektrik kurslari mavjud ekan. Hozirgi kunda Hayot va Yangiariq mahallalarida nogironligi bor va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar 344 nafarni tashkil etadi. Ularning 10 nafari monomarkazda kasb-hunar egallash niyati borligini bildirishgan. Ularni bu yerga olib kelib, kasb egallashlariga ko‘maklashamiz.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi 60 nafarga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan shaxslar monomarkazda o‘qish istagini bildirgan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/9CVSDdP3t8s?si=ydPqdkkyxWUYexlj" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari