Aholi bandligi ta’minlandi
Qashqadaryo viloyatining Koson tumani “Shirinobod” mahallasida yashovchi Lola Barnoyeva va Nafisa Ziyoyeva tikuvchilik hunariga juda qiziqadi, ammo ishlatadigan dastgohi yo‘qligi bois ushbu kasb bilan shug‘ullana olmasdi. Boshqa joyga borib ishlashga oilaviy sharoiti to‘g‘ri kelmaydi. O‘ylab-o‘ylab oxiri mahalla raisiga muammosini bayon qilishdi.
Mahalla raisi M.Ishmurodov tavsiya bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Koson tuman bo‘linmasiga murojaat qildi. Ushbu murojaat tez fursatda qanoatlantirilib, fond mablag‘lari hisobidan ushbu ikki fuqaroga zamonaviy tikuv dastgohi olib berildi.

E’tibor va g‘amxo‘rlikdan xursand bo‘lgan ayollar o‘z minnatdorchiligini izhor qilishdi. Endilikda ular uyda o‘tirgan holda tikuvchilik hunari bilan shug‘ullanishadi va oila byudjetiga daromad olib kirishadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA