Aholi bandligi: jurnalistlar uchun media-tur
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumanida aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan media-tur va matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tuman hokimligining mas’ul rahbarlari, tegishli soha vakillari hamda respublikamizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Media-tur ishtirokchilari dastlab davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan o‘tgan yili zamonaviy usulda qurib bitkazilgan “Bo‘zatov” sanatoriysida bo‘lib, u yerda dam oluvchilar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishdi.
Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida bugun tumanda jahon standartlari talablariga javob beruvchi eng zamonaviy 200 o‘rinli “Bo‘zatov” sanatoriysi faoliyat yuritmoqda.
[gallery-29683]
Tibbiyot uskunalari, qulay mebellar bilan jihozlangan sanatoriyda davolash muolajalari tabiiy, iqlimiy va fizioterapevtik usullardan kompleks ravishda foydalangan xolda amalga oshirilmoqda. Sanatoriy ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklari, urologik va ginekologik, nevrologik, endokrinologik, shu jumladan, qandli diabetga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirish yo‘nalishida ish olib boradi.
Shuningdek, ishtirokchilar “Bo‘zatov” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro Q.Keo‘limjayevning xonadonida yo‘lga qo‘yilgan qo‘ychilik loyihasi, ushbu shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi M.Joldasbayevaga tomorqasida kartoshka yetishtirish va parrandachilik loyihasi, “Qusxanatau” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro R.Xojaniyazov xonadonida namunali tomorqa loyihasi bilan ham tanishdi.
Tadbir yakunida tumanda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Bo‘zatov tumanida 2026-yilda jami 2 ming 340 ta, shundan yanvar-aprel oylari davomida 524 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilib, amalda 914 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Bugungi kunda tuman hududida mehnatga yaroqli aholi soni 11 ming 851 nafar bo‘lib, shundan band fuqarolar soni 7 ming 490 nafarni va ishsizlar soni 428 nafarni tashkil etadi. 2026-yilning yanvar-aprel oylari davomida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limiga ish so‘rab murojaat qilgan 161 nafar fuqarodan 118 nafari doimiy va mavsumiy ish o‘rinlariga joylashtirildi, 43 nafariga kasbga qayta o‘qitish uchun vaucherlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-oktabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tuman hududidagi 335 ta kambag‘al oila ro‘yxati shakllantirilib, respublika va tuman muassasalarining 67 nafar rahbarga biriktirildi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida oilalarga doimiy bandlik va yuqori daromad topishga erishish, ta’lim olish va kasb-hunarga o‘rgatish, kafolatlangan davlat tibbiy hamda ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, yashash sharoitlarini yaxshilash, davlat tomonidan mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish, davlat organlari xodimlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot kabi yettita yo‘nalish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.