AGTKSHdagi o‘g‘rincha ishlar fosh etildi
Angren shahridagi "A.C.I." MCHJga tegishli avtomobillarga gaz to‘ldirish-kompressor shoxobchasida nazorat tadbiri o‘tkazildi.
Unda aniqlanishicha, shoxobchadagi elektr hisoblagichga tashqi ta’sir o‘tkazilib, elektr energiyasidan o‘g‘rincha ishlatib kelingan.
Ushbu qoidabuzarlik tufayli elektr ta’minoti korxonasiga 1 milliard 111 million so‘m miqdorida iqtisodiy zarar yetkazilgan. Hozir holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.
Inspeksiya axborot xizmatining xabariga ko‘ra, ushbu noqonuniy harakatlar “O‘zenergoinspeksiya” Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida aniqlangan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA