Agrovoltaika loyihasi: 500 kVt quvvatli quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlandi
Yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan loyihalar energiya samaradorligini oshirish bilan birga, yer resurslaridan oqilona foydalanishga ham xizmat qiladi.
Ana shunday istiqbolli tashabbuslardan biri sifatida Toshkent viloyatida agrovoltaika loyihasi doirasida quvvati 500 kVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Energetika vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi mas’ullari ishtirok etdi.
Unda agrovoltaika texnologiyalarini rivojlantirish, loyihani amalga oshirish bosqichlari va uning istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, agrovoltaika bir hududning o‘zida ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, ham quyosh energiyasi ishlab chiqarishni uyg‘unlashtiruvchi innovatsion yechim hisoblanadi. Bunday tizim yer maydonlaridan samarali foydalanish, ekinlarni kuchli quyosh nurlaridan himoya qilish hamda qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu esa kelajakda barqaror qishloq xo‘jaligi va yashil iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur pilot loyiha doirasida quyosh panellari o‘rnatilib, ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shu orqali energiya ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi faoliyatini bir maydonning o‘zida samarali tashkil etish imkoniyati yaratiladi.
Tadbir davomida loyihani amalga oshirishning asosiy bosqichlari, uni respublika hududlarida kengaytirish imkoniyatlari hamda kelgusidagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi. Mutaxassislar mazkur tashabbus energetika va qishloq xo‘jaligi sohalari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, shuningdek, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, tadbirda ishtirokchilar qurilish maydonida quyosh panellarini o‘rnatish ishlarining boshlanishiga ramziy start berib, hududda manzarali daraxtlar ekish tadbirida ham qatnashdi. Bu esa loyihaning nafaqat iqtisodiy, balki ekologik ahamiyatga ham ega ekanini ham yana bir bor namoyon etdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA