Agrotexnik tadbirlarni samarali amalga oshirish yuqori hosilni kafolatlaydi
Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi “Ishonch fayzli dala” fermer xo‘jaligida 2026-yil paxta hosili uchun chigit ekish ishlarini samarali tashkil etishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir hududda qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini zamonaviy usullar bilan rivojlantirish, yer maydonlarini samarali tayyorlash va kelgusi hosil uchun mustahkam zamin yaratish maqsadida tashkil etildi.
Seminarda O‘zbekiston fermerlar kengashi raisi Aktam Hayitov, Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Abror Xidirov, Guliston tumani hokimi o‘rinbosari Sardor O‘tbosarov hamda qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari ishtirok etdilar.

Ko‘rgazmali mashg‘ulotlar davomida dala maydonlarini chigit ekishga tayyorlash, Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy texnika va texnologiyalar orqali chigitni teng va samarali qadash usullari, shuningdek, pushta olingan yer maydonlarida yog‘ingarchilikdan hosil bo‘lgan namlikni saqlab, ekin yuritishning amaliy yo‘llari atroflicha namoyish etildi. Tadbirda qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or amaliyot va innovatsion texnologik yondashuvlar ham keng muhokama qilindi.
Seminarda so‘zga chiqqan Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Abror Xidirov agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, to‘liq va samarali amalga oshirish – hosildorlikni kafolatlaydigan eng asosiy omil ekanligini ta’kidladi. Shu bois, yerni ekin uchun to‘g‘ri tayyorlash, belgilangan agrotexnika qoidalariga qat’iy rioya qilish va zamonaviy texnika hamda avtomatlashtirilgan texnologiyalardan foydalanish kelgusi paxta hosilining sifatini 15–20 foizga, hajmini esa sezilarli darajada oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Haqiqatdan ham qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yerning mexanik va biologik holatini inobatga olgan holda chigit qadash va namlikni samarali saqlash orqali hosildorlik barqarorlashadi, olingan hosilning sifati esa bozor talablari va eksport standartlariga to‘liq mos keladi. Bu fermerlar uchun faqat ilg‘or tajribani namoyon qiladigan yo‘l-yo‘riq emas, balki kelgusi yillarda paxta hosilini ko‘paytirish va uning sifatini yuqori darajaga ko‘tarishda amaliy qo‘llanma sifatida ham xizmat qiladi.
Shuningdek, seminar doirasida kelgusi paxta hosili uchun mustahkam va samarali zamin yaratishga qaratilgan aniq vazifalar belgilandi. Ular orasida yer maydonlarini har tomonlama tayyorlash, zamonaviy agrotexnika vositalari va innovatsion usullardan foydalanish, namlikni saqlash va hosildorlikni oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir natijasida fermerlar zamonaviy texnologiyalar asosida zaminni samarali tayyorlash va paxta hosilini oshirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri